Doniyor Qodirov Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi

Doniyor Baxtiyorovich Qodirov Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda 12-oktabr prezident farmoni qabul qilindi.
Qodirov yangi lavozimda Erkinjon Turdimovning o‘rnini egallashi kutilmoqda. Turdimov 9-oktabr kuni Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri etib tayinlangach, Sirdaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etilgan edi.Qodirov tayinlovga qadar prezident Administratsiyasining Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi masalalari departamentiga rahbarlik qilgan.
Doniyor Qodirov haqida
Doniyor Qodirov avval Ichki ishlar vazirligining Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasiga rahbarlik qilgan. 2018–2019-yillarda esa IIVning Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
2021-yil yanvarida u prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. 2023-yil avgustida shu yo‘nalish bo‘yicha prezident maslahatchisi bo‘lgan.
2025-yil iyulida Qodirov prezident Administratsiyasining Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamenti rahbari lavozimiga o‘tgan. 2026-yil avgustida unga general-mayor harbiy unvoni berilgan.
Avvalroq Abror Po‘latov prezident administratsiyasi rahbari kotibiyati mudiri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.