Bosh vazirga idoralarni Yangi Toshkentga ko‘chirish topshirildi

Bosh vazirga vazirlik va davlat tashkilotlarini Yangi Toshkentga ko‘chirish jarayonini boshlash topshirildi. Yil oxirigacha yangi shaharda 20 ming xonadonni foydalanishga topshirish va kamida 70 ming kishi uchun yashash muhitini yaratish rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentning ishbilarmonlik muhitini shakllantirishda davlat idoralarining ko‘chishi muhim ekanini ta’kidladi.
Hozir Qurilish, Transport va Energetika vazirliklari Yangi Toshkentdagi yengil konstruksiyali binolarda faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, vazirlik va idoralarning 2,6 ming nafar xodimi uchun to‘qqizta bino qurilmoqda.
Bosh vazirga qolgan vazirliklar va boshqa davlat tashkilotlarini ham Yangi Toshkentga ko‘chirishni boshlash vazifasi qo‘yildi.
Eski binolarni sotish masalasi ko‘rib chiqiladi
Zarur hollarda Yangi Toshkentga ko‘chadigan tashkilotlarning poytaxtdagi mavjud binolarini sotish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.
Bunda binolarni buzib, qayta qurishga ruxsat berilmaydi. Ulardan joriy ta’mirlash orqali foydalanish sharti belgilanishi mumkin.
Yil oxirigacha 20 ming xonadon topshiriladi
Yangi Toshkentda yil yakunigacha 20 ming xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu kamida 70 ming kishi uchun yangi yashash muhitini yaratadi.
Prezident yangi uylar bilan bir vaqtda dam olish, sport, savdo, ta’lim va tibbiyot xizmatlari ham tashkil etilishi kerakligini ta’kidladi.
Yangi shaharda FIFA talablariga javob beradigan 55 ming o‘rinli stadion ham bunyod etilmoqda. Stadion kelasi yili 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining asosiy arenalaridan biri bo‘lishi rejalashtirilgan.
Shu munosabat bilan tashrif buyuruvchilar uchun mehmonxona, kafe, restoran va ko‘ngilochar maskanlarga bo‘lgan ehtiyojni hisoblab, bu ma’lumotlarni tadbirkorlarga ochiq taqdim etish vazifasi qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi Toshkentda yer narxi 90 foizdan ko‘proq oshgani haqida xabar berilgandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yilda yer uchastkasi narxi 10 mlrd so‘mga yetmagan bo‘lsa, hozir 19 mlrd so‘mgacha ko‘tarilganini qayd etdi.