Jarqo‘tondan bronza davriga oid bola qabri topildi

eʼlon qilindi
Topilmalar bronza davri aholisining turmush tarzi va e’tiqodlarini o‘rganishga yordam beradi
Foto: Samarqand arxeologiya instituti

Surxondaryo viloyatidagi Jarqo‘ton yodgorligida arxeologlar qadimiy turarjoy qoldiqlari, otashgoh, to‘rtta butun sopol idish va yosh bola qabrini aniqladi. Topilmalar bronza davri aholisining turmush tarzi va e’tiqodlarini o‘rganishga yordam beradi. Bu haqda Samarqand arxeologiya instituti xabar berdi.

Qadimiy turarjoydan otashgoh topildi

Sherobod tumanida joylashgan Jarqo‘ton yodgorligida arxeologik qazishmalar joriy yilning sentyabr oyida boshlangan. Tadqiqotlar bronza davri aholisining turmush tarzi, qurilish usullari va dafn marosimlarini o‘rganishga qaratilgan.

Dastlabki qazishmalar yodgorlikning 4-sonli tepaligida, ibodatxonaning shimoliy qismida va 3-sonli qabristonning g‘arbiy hududida olib borilmoqda.

4-sonli tepalikda qadimiy turarjoy xonalarining devor qoldiqlari, xom g‘ishtdan qurilgan inshootlar hamda diametri 70 santimetr bo‘lgan otashgoh aniqlangan. Mutaxassislarning fikricha, turarjoy ichidan otashgoh topilgani ayrim xonalar sig‘inish marosimlari uchun ham ishlatilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Qabrdan to‘rtta butun sopol idish chiqdi

Jarqo‘tonning 3-sonli qabristoni g‘arbiy qismidagi qabrlardan birida to‘rtta butun sopol idish topilgan. Ularning shakli va tayyorlanish xususiyatlarini o‘rganish orqali qabrning davrini aniqlash, shuningdek, qadimgi aholining dafn an’analari haqida qo‘shimcha ma’lumot olish rejalashtirilgan.

Yodgorlikning asosiy hududidan tashqarida o‘tkazilgan dastlabki tekshiruvlarda esa yosh bola qabri, Sopolli madaniyatining Jarqo‘ton bosqichiga oid xo‘jalik o‘rasi va aylana shaklidagi ikkita kul o‘rasi qayd etilgan.

Bu topilmalar yodgorlikning asosiy qismidan tashqaridagi hududlar ham qadimgi manzilgoh tarkibiga kirgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Arxeologlar hozirda topilmalarni qiyosiy tahlil qilmoqda, qazishma ishlari esa davom etmoqda. Tadqiqotlar Jarqo‘tonning hududiy tuzilishi, qadimgi aholining turmush tarzi, e’tiqodiy qarashlari va dafn marosimlarini yanada chuqurroq o‘rganishga xizmat qiladi.

Avvalroq Jizzax viloyatining Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida olib borilgan arxeologik-qidiruv ishlari davomida tosh davriga oid yangi makonlar hamda 30 ga yaqin qoyatosh tasviri aniqlangni haqida xabar berilgandi.

Shuningdek