Men barcha davrlarning eng zo‘r futbolchisiman — Ronaldu

Krishtianu Ronaldu o‘zini futbol tarixidagi eng yaxshi o‘yinchi deb hisoblashini aytdi. Portugaliyalik hujumchi Lionel Messi bilan uzoq yillik raqobati va faoliyatidagi natijalar haqida ham gapirdi. Bu haqda Ronaldu CNN Portugal telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
U jurnalist va do‘sti Edu Agirre bilan suhbatda o‘z faoliyati, erishgan yutuqlari va Messi bilan raqobatiga to‘xtaldi.
«Men barcha davrlarning eng zo‘r futbolchisiman. Tamom. Raqamlarning o‘zi gapiradi. Men o‘zimdan yaxshiroq hech kimni bilmayman. Tarix allaqachon yozilgan. Bugun faoliyatimni yakunlasam ham, hech narsadan afsuslanmayman», — dedi Ronaldu.
Ronaldu Messi bilan raqobatini afsonaviy poygachilarga qiyosladi
Portugaliyalik futbolchi Lionel Messi bilan yillar davomida davom etgan raqobati haqida ham fikr bildirdi. Uning aytishicha, ikki futbolchi bir-biri uchun motivatsiya manbai bo‘lib xizmat qilgan.
«Ulardan biri doimo ikkinchisiga motivatsiya bergan. Bu xuddi Formula-1 dagi Alen Prost va Ayrton Senna o‘rtasidagi raqobatga o‘xshaydi», — dedi hujumchi.
Ronaldu yoshiga qaramay, yuqori darajada gol urishda davom etayotganini ta’kidladi. U o‘z natijalari va uzoq yillik faoliyatiga yetarlicha baho berilmayotganini ham aytdi.
Avvalroq Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu milliy jamoa yig‘inini ruxsatsiz tark etgani sabab intizomiy jazoga duch kelishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.