O‘zbekistonda suv ta’minotini yaxshilash uchun 38 trln so‘m yo‘naltiriladi

eʼlon qilindi
2030-yilgacha ichimlik suvi qamrovini 90 foizga, oqova suv xizmatlarini esa 28 foizga yetkazish rejalashtirilgan
Foto: Suv sohasi barqaror rivojlanish markazi

O‘zbekistonda 2030-yilgacha ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlarini rivojlantirish uchun qariyb 38 trln so‘m talab etilishi mumkin. Yangi strategiya markazlashgan ichimlik suvi qamrovini 90 foizga, oqova suv xizmatlarini esa 28 foizga yetkazishni ko‘zda tutmoqda.

2026-yil 12-oktabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan tarmoqlararo ishchi guruhning yettinchi yig‘ilishida 2030-yilgacha ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlarini takomillashtirish strategiyasi loyihasi taqdim etildi, deya xabar berdi Kursiv Uzbekistan muxbiri.

Yig‘ilishda loyiha doirasidagi asosiy maqsadlar, infratuzilmani rivojlantirish, sohani raqamlashtirish, moliyalashtirish manbalari va kelgusi vazifalar muhokama qilindi.

Ichimlik suvi qamrovini 90 foizga yetkazish maqsad qilingan

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining suv va oqova suv yo‘nalishi boshqarma boshlig‘i G‘ayrat Raximovning aytishicha, strategiya Prezidentning 2026-yil 24-iyuldagi PF-140-son farmoni asosida ishlab chiqilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatning asosiy maqsadi sohada amalga oshirilgan islohotlarni davom ettirish va 2030-yilgacha aniq ko‘rsatkichlarni belgilashdan iborat.

«Asosiy maqsadimiz markazlashgan ichimlik suvi ta’minotini 90 foizga, oqova suv chiqarish xizmatlari darajasini esa 28 foizga yetkazish. Bugungi kunda ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 82–83 foizga, oqova suv xizmatlari bilan qamrov esa 22 foizga yaqin», — dedi Raximov.

Uning ta’kidlashicha, strategiyada faqat qamrovni oshirish emas, balki sohani raqamlashtirish, transformatsiya jarayonlarini davom ettirish, mavjud infratuzilmani saqlash va urbanizatsiya bilan bog‘liq ehtiyojlarga mos ravishda tizimni rivojlantirish ham nazarda tutilgan.

«Sohani raqamlashtirish, transformatsiya jarayonlarini davom ettirish, infratuzilmani saqlash, urbanizatsiya darajalari va uning chaqiriqlariga munosib ravishda rivojlantirish bo‘yicha rejalar belgilab o‘tilgan», — dedi vazirlik vakili.

Bugungi ko‘rsatkichlar ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari qamrovi o‘rtasida sezilarli tafovut borligini ko‘rsatadi. Ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 80 foizdan oshgan bo‘lsa, oqova suv xizmatlari bilan qamrov hali aholining chorak qismiga ham yetmagan.

Strategiyani ishlab chiqishga xorijiy ekspertlar ham jalb qilingan

Foto: Kursiv Uzbekistan/Dilobar Yo‘ldosheva

G‘ayrat Raximovning aytishicha, strategiya ustida qariyb 50 kishidan iborat ishchi guruh faoliyat yuritmoqda. Uning tarkibiga davlat idoralari, xorijiy hamkorlar va sohada ishlayotgan kompaniyalar vakillari kirgan.

Strategiya hozircha loyiha bosqichida bo‘lib, yig‘ilish davomida bildirilgan takliflar asosida qayta ishlanadi. Keyingi bosqichda hujjat manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilib, ularning e’tiroz va takliflari inobatga olinadi.

Shuningdek, o‘qing: Koreyaning K-water kompaniyasi O‘zbekistonda suv xo‘jaligini rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Strategiya uchun 38 trln so‘m kerak bo‘lishi mumkin

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, strategiyada ko‘zda tutilayotgan vazifalarni amalga oshirish uchun qariyb 38 trln so‘m talab etiladi. Raximovning aytishicha, so‘nggi o‘n yil davomida ichimlik suvi va oqova suv sohasiga qariyb 35 trln so‘m mablag‘ jalb qilingan. Biroq avvalgi investitsiyalarda asosiy urg‘u aholini ichimlik suvi bilan qamrab olishga berilgan bo‘lsa, keyingi bosqichda oqova suv infratuzilmasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilishi kutilmoqda.

«Ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 83 foizga yaqinlashdi. Bundan buyog‘iga oqova suv chiqarish xizmatlarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilyapti», — dedi vazirlik vakili.

7 trln so‘mdan ortig‘i budjetdan ajratilishi mumkin

Dastlabki moliyalashtirish hisob-kitoblariga ko‘ra, qariyb 38 trln so‘mning 7 trln so‘mdan ortiq qismini davlat budjeti hisobidan moliyalashtirish ko‘zda tutilgan. Qolgan mablag‘larni xorijiy investitsiyalar hisobidan jalb qilish rejalashtirilmoqda.

«Hozirgi hisob-kitoblarimizga asosan 38 trln so‘mga yaqin mablag‘ ko‘zda tutilgan. Shundan 7 trln so‘mdan ortig‘i davlat budjeti mablag‘lari, qolgan qismi esa xorijiy investitsiyalar sifatida ko‘rsatilgan», — dedi Raximov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hisob-kitoblarga hozir amalga oshirilayotgan loyihalar ham kiritilgan. Kelgusida yangi istiqbolli loyihalarni jalb qilish orqali strategiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Hozircha taqdim etilgan hujjat loyiha maqomida. Uning yakuniy ko‘rsatkichlari, moliyalashtirish hajmi va aniq chora-tadbirlari manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishish jarayonida o‘zgarishi mumkin.

Avvalroq «Kursiv» endi har yili mart oyi «Suvni tejash oyligi» bo‘lishi haqida yozgan edi.

Shuningdek