Turkiyada majburiy nikohga undalgan 17 yoshli o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

Turkiyaga o‘qish bahonasida olib borilgan 17 yoshli O‘zbekiston fuqarosi majburiy nikohga undash, jismoniy zo‘ravonlik va majburiy mehnatga duch kelgani haqida O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga murojaat qildi. Unga huquqiy yordam ko‘rsatilib, O‘zbekistonga qaytarildi.
Ma’lumotga ko‘ra, voyaga yetmagan fuqaro Turkiyada o‘qish maqsadida bo‘lgan. Biroq u yerda majburiy nikohga undash, jismoniy zo‘ravonlik va majburiy mehnat holatlariga duch kelgan.
Shundan so‘ng u O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga yordam so‘rab murojaat qilgan. Bosh konsulxona advokatlarni jalb etib, fuqaroga konsullik va huquqiy yordam ko‘rsatgan.
Migratsiya jamg‘armasi hisobidan qaytarildi
17 yoshli fuqaroning O‘zbekistonga qaytishi Migratsiya jamg‘armasi hisobidan tashkil etilgan.
Hozir uning xavfsizligi, ijtimoiy-huquqiy va psixologik himoyasini ta’minlash masalalari tegishli tashkilotlar nazoratiga olingan.
Xorijdagi fuqarolar yordam so‘rashi mumkin
Migratsiya agentligi xorijda zo‘ravonlik, majburiy mehnat yoki boshqa og‘ir vaziyatlarga duch kelgan fuqarolarga agentlikning xorijdagi vakolatxonalari hamda O‘zbekiston diplomatik va konsullik muassasalariga murojaat etishni tavsiya qildi.
Shuningdek, Migratsiya agentligining 1282 qisqa raqami va huquqiy yordam boti orqali ham murojaat yuborish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qidiruvdagi o‘zbekistonlik ayol Turkiyada qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi. U odam savdosi va noqonuniy ravishda chet elga chiqish bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanmoqda.