Yandex Uzbekistan xizmatlari tiklanmoqda: ayrim to‘lovlarda xatolar saqlanib qolgan

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Ayrim funksiyalarda xatolar kuzatilishi mumkin
Foto: Yandex Uzbekistan

Yandex Uzbekistan xizmatlari bosqichma-bosqich tiklanmoqda. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘plab xizmatlar odatiy rejimda ishlay boshlagan, biroq ayrim funksiyalarda xatolar kuzatilishi mumkin. Bu haqda Yandex Uzbekistan Kursiv Uzbekistan’ga xabar berdi.

Kompaniya jamoalari hozirda to‘lovlar barqarorligini ta’minlash va foydalanuvchilar, haydovchilar, kuryerlar hamda hamkorlar uchun qo‘llab-quvvatlash xizmatini tiklashga ustuvor ahamiyat bermoqda.

Taksi haydovchilari va hamkorlarga to‘lovlar

Yandex Uzbekistan ma’lum qilishicha, bugun taksi parklariga barcha to‘lovlar odatdagi tartibda avtomatik amalga oshirilgan. Haydovchilar uchun tezkor to‘lovlar ham mavjud.

Shu bilan birga, ayrim to‘lovlar hanuz xatolar yoki kechikishlar bilan o‘tishi mumkin. Kompaniya bu muammolarni imkon qadar tez bartaraf etishga harakat qilmoqda.

Xato yechilgan pullar ko‘rib chiqiladi

Kompaniya buyurtmalar uchun to‘lov qilishda xatolarga duch kelgan foydalanuvchilarning murojaatlarini ham qayd etgan. Yandex Uzbekistan noto‘g‘ri yechib olingan mablag‘lar bilan bog‘liq barcha holatlar albatta ko‘rib chiqilishini bildirgan.

Qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaatlar ko‘paygani sababli muammolarni hal qilish odatdagidan ko‘proq vaqt olishi mumkin.

Yandex Go: ommabop xizmatning texnik muammolari

11-oktabr kuni O‘zbekistondagi foydalanuvchilar Yandex Go orqali mashina chaqirishda, narxlarni ko‘rishda va buyurtma berishda muammolarga duch kelgan. Jamoat transporti bo‘limida avtobuslar harakati ham ko‘rinmagan, haydovchilar va yetkazib berish kuryerlari ham uzilishlar haqida xabar bergan.

Yandex Uzbekistan matbuot xizmati ayrim xizmatlar xatolar bilan ishlayotgani yoki vaqtincha ishlamasligi mumkinligini bildirgan. Kompaniya jamoalari xizmatlarni tiklash ustida ishlayotganini ma’lum qilgan. Shunga o‘xshash uzilish 9-oktabr kuni ham kuzatilgan.

Nosozliklar Rossiyadagi Yandex ma’lumotlar markazlaridan biriga dron hujumi oqibatida zarar yetgani haqidagi xabarlar bilan bir vaqtda yuz bergan. Yandex xizmatlari turli mamlakatlardagi serverlar orqali ishlashi sababli bir hududdagi texnik muammo boshqa davlatlardagi ayrim funksiyalarga ham ta’sir qilishi mumkinligini tushuntirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan taksi xizmatlarini solishtirgandi.

Shuningdek