Yangi Toshkentda yer narxi 90 foizdan ko‘proq oshdi

eʼlon qilindi
Poytaxt tumanlariga 100 gektar yer ajratiladi
Yangi Toshkent
Foto: Kursiv Uzbekistan

Yangi Toshkentda yer uchastkalariga talab keskin ortmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yilda yer uchastkasi narxi 10 mlrd so‘mga yetmagan bo‘lsa, hozir 19 mlrd so‘mgacha ko‘tarilganini qayd etdi.

Davlat rahbari Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot davomida shaharda yerga talab yildan-yilga oshib borayotganini aytdi.

«2024-yilda shaharda yer uchastkasining narxi 10 milliard so‘mga yetmagan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 19 milliard so‘mgacha oshgan», – dedi prezident.

Prezident yana yaqinda 66 sotixli yer uchastkasi 6,7 mlrd so‘m boshlang‘ich narxda savdoga qo‘yilib, yakunda 40 mlrd so‘mga sotilganini ma’lum qildi. Bu boshlang‘ich narxdan qariyb olti baravar yuqori.

Birinchi bosqichda $50 mlrdlik loyihalar rejalashtirilgan

Prezident Yangi Toshkentni qurishda zamonaviy texnologiyalar, investitsiyalar va yashil hududlarga alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi. Yangi Toshkentning birinchi bosqichi 6 ming gektar hududni qamrab oladi.

«Birinchi bosqichning o‘zida yangi texnologik yechimlarga asoslangan $50 milliardlik loyiha amalga oshiriladi. Yangi shahar hududida 2 ming gektar yashil maydonlar va 500 gektar istirohat bog‘lari tashkil etiladi», – dedi davlat rahbari.

Umuman, Yangi Toshkent 20 ming gektar maydonda barpo qilinlib, kelajakda 2 mln aholiga mo‘ljallangan shahar bo‘lishi rejalashtirilgan.

Poytaxt tumanlariga 100 gektar yer ajratiladi

Mirziyoyev Toshkentning amaldagi tumanlarida yangi loyihalar uchun bo‘sh yer topish tobora qiyinlashayotganiga ham e’tibor qaratdi.

«Eng katta e’tiroz nima? ‘Yer ber’, deydi. Yer yo‘q. Olmazorda ham yer yo‘q, Toshkentning boshqa tumanlarida ham yer yo‘q. Shuning uchun tuman hokimlari Yangi Toshkentda loyihalar uchun ham tayyorgarlik qilinglar».

Shu maqsadda poytaxt tumanlari uchun Yangi Toshkent hududidan dastlab 100 gektar yer ajratilishi va hududlarni mahallalar kesimida rivojlantirish bo‘yicha alohida loyihalar ishlab chiqilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi Toshkent aeroporti qurilishiga mahalliy korxonalar jalb qilinishi haqida xabar berilgandi. Loyihaning birinchi bosqichiga $2,7 mlrd investitsiya yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Dastlab aeroport yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi, keyingi bosqichlarda esa bu ko‘rsatkich 46 mln nafargacha oshirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek