Yangi Toshkentga 2 mlrd dollardan ortiq investitsiya kiritildi

Yangi Toshkent shahriga $2 mlrddan ortiq investitsiya kiritildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev investor va tadbirkorlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Davlat rahbari so‘nggi oyda investor va tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda bildirilgan takliflar, yer ajratish, ruxsat olish hamda to‘lovlar bilan bog‘liq muammolar o‘rganilganini ta’kidladi.
Yangi Toshkentga $2 mlrddan ortiq mablag‘ kiritildi
Prezidentning qayd etishicha, uch yil avval boshlangan loyiha doirasida davlat infratuzilma, stadion, universitet va kutubxona kabi yirik obyektlarga katta mablag‘ yo‘naltirmoqda.
Hozirga qadar Yangi Toshkentga $2 mlrddan ortiq investitsiya kiritilgan.
Shu bilan birga, xususiy sektorni qurilishga jalb etish sur’atlari mavjud imkoniyatlarga mos emasligi ta’kidlandi.
Birinchi bosqichda $50 mlrdlik loyihalar ko‘zda tutilgan
Yangi Toshkent uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgan. Loyiha istiqbolda 2 mln aholi yashashi uchun mo‘ljallangan.
Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda $50 mlrdlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Yangi aeroport bilan birga hududning investitsiya salohiyatini $200 mlrdgacha yetkazish mumkinligi qayd etildi.
Tadbirkorlarga 94 gektar yer ajratilgan
Hozir ming gektardan ortiq maydonda qurilish ishlari, asosan, davlat mablag‘lari hisobidan olib borilmoqda.
Tadbirkorlarga esa hozircha 94 gektar yer ajratilgan. Prezident xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, investorlar uchun yer ajratish va ruxsat olish jarayonlarini soddalashtirish zarurligiga e’tibor qaratdi.
Yangi Toshkentda yirik obyektlar qurilmoqda
Avvalgi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Yangi Toshkentning birinchi bosqichida zamonaviy turarjoylar, biznes va ijtimoiy obyektlar, shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» universiteti, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti va boshqa ta’lim maskanlari qurilmoqda.
Shahar 20 ming gektar maydonda barpo etilib, 2034-yilgacha 200 mingta xonadon qurilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent metrosi uchun 280 mln dollarlik poyezdlar xarid qilinishi haqida yozgan edi.