Denovdagi kurash musobaqasida polvonni pichoqlab o‘ldirgan erkak qamaldi

Surxondaryo viloyatining Denov tumanida milliy kurash musobaqasida taniqli polvon Nizomiddin Cho‘tboyevni pichoqlab o‘ldirgan Doston Jabborov 19 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Kursiv Uzbekistan sud hujjati bilan tanishdi.
Mojaro kurashdagi mag‘lubiyatdan keyin boshlangan
Sud hujjatlariga ko‘ra, 1997-yilda tug‘ilgan Doston Jabborov 2026-yil 9-may kuni Denov tumani Yangiariq mahallasida o‘tkazilgan milliy kurash musobaqasiga borgan. Unda Jabborovning ukasi Bo‘stonbek Jabborov polvon Nizomiddin Cho‘tboyevning o‘g‘li Ayubxon Xurramov bilan kurashgan va mag‘lub bo‘lgan.
Shundan keyin Doston Jabborov musobaqa joyini tark etgan. Yo‘lda taksi haydovchisidan otasi Asl Xudoyqulov va Nizomiddin Cho‘tboyev o‘rtasida tortishuv yuz berganini eshitgan. G‘azablangan Jabborov musobaqa o‘tkazilayotgan joyga qaytgan.
U yaqin atrofdagi oziq-ovqat do‘konidan oshxona pichog‘ini olib, kurash maydoniga borgan. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, u Cho‘tboyevga farzandlari ko‘z o‘ngida to‘rt marta pichoq urgan. Og‘ir jarohat olgan polvon shifoxonada vafot etgan.
Sudlanuvchi jahl ustida harakat qilganini aytdi
Doston Jabborov sudda aybiga iqror bo‘lgan va jazoni yengillashtirishni so‘ragan. U ko‘rsatmasida pichoqni necha marta sanchganini eslay olmasligini, voqea jahl ustida sodir bo‘lganini bildirgan.
Sud majlisida Nizomiddin Cho‘tboyevning o‘g‘li Ayubxon Xurramov ham ko‘rsatma bergan. U otasining ko‘z o‘ngida pichoqlanganidan qattiq iztirob chekkanini aytib, sudlanuvchiga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni so‘ragan.
Doston Jabborov 19 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumani sudi hukmi bilan Doston Jabborov Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «j» va «l» bandlarida nazarda tutilgan qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 19 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilangan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Jabborov avval ham bezorilik va qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatlari uchun ikki marta sudlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kosonsoyda yigit unashtirilgan qizini pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar bergan edi.