Fransiyada 400 dan ortiq supermarketlar kiberhujumga uchradi

Fransiyada 400 dan ortiq supermarketlar kiberhujumga uchradi. Xakerlar do‘konlardagi sovitish tizimlarini masofadan boshqarib, muzlatkich va sovitkichlarni o‘chirgan yoki ularning haroratini keskin oshirgan.
Hujum Cooperative U, Leclerc, Les Mousquetaires va Intermarche tarmoqlarining yuzlab do‘konlariga ta’sir qilgan.
Muzlatkichlar 50 darajagacha qizdirilgan
Ayrim supermarketlarda mahsulotlarga to‘la muzlatkichlar olti soatdan ortiq vaqt davomida 50 darajagacha qizib ketgan.
Intermarche zarar ko‘rgan do‘konlar barcha yangi va muzlatilgan mahsulotlarni tashlab yuborishga majbur bo‘lganini ma’lum qildi.
Leclerc esa kiberhujum uning sovitish uskunalarini yetkazib beruvchilardan biriga ta’sir qilgani va buning oqibatida bir nechta do‘kondagi sovitish tizimlari ishdan chiqqanini bildirdi.
Parij prokuraturasi hujumlar yuz berganini tasdiqlagan. Ayrim joylarda yong‘inlar ham qayd etilgan.
Muammo eskirgan dasturiy ta’minot bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin
Hujum qilingan sovitish tizimlari Daniyaning Danfoss kompaniyasiga tegishli ekani aytilmoqda.
Fransiya bosh vaziri Sebastyen Lekornyu ofisi dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Daniya kompaniyasi yetkazib bergan dasturiy ta’minotdagi zaiflik aniqlanganini bildirgan.
Danfoss esa Fransiyadagi ayrim sovitish boshqaruv tizimlari bilan bog‘liq hodisalardan xabardor ekanini ma’lum qildi. Kompaniyaga ko‘ra, zarar ko‘rgan uskunalarda eskirgan dasturiy ta’minot ishlatilgan.
Danfoss mijozlarga tizimlarni doimiy yangilab borish va eski qurilmalardan yangi avlod tizimlariga o‘tishni tavsiya qilib kelganini qayd etdi.
ANSSI hodisani tekshirmoqda
Fransiya hukumati milliy kiberxavfsizlik agentligi ANSSIga hujumni tekshirish vazifasini topshirdi.
Shuningdek, boshqa Yevropa davlatlarida ham shunga o‘xshash xavf bo‘lishi mumkinligi sabab Fransiya tegishli mamlakatlar bilan hamkorlik qilmoqda.
Belgiya, Lyuksemburg va Niderlandiyada ham sovitish tizimlari bilan bog‘liq xavfsizlik muammolari haqida xabarlar paydo bo‘lgan. Niderlandiyaning Ahold Delhaize tarmog‘i ehtiyot chorasi sifatida ayrim sovitish tizimlarini vaqtincha o‘chirgan, biroq kompaniya bu holat Fransiyadagi hujum bilan bog‘liqligi tasdiqlanmaganini aytgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Fransiya yangi ballistik raketasini sinovdan o‘tkazgani haqida yozgan edi.