Kitobxon askarlarning xizmat muddati qisqartirilishi mumkin

O‘zbekistonda «Ma’naviyat qalqoni» respublika kitobxonlik tanlovida sovrinli o‘rinlarni egallagan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini 12 oydan 11 oyga qisqartirish taklif qilinmoqda. Shuningdek, harbiy uchuvchilar bilan yangi kontrakt tuzishning huquqiy asoslarini belgilash ko‘zda tutilgan. Qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda Qonunchilik palatasi xabar berdi.
Xizmat muddatini qisqartirish harbiy xizmatchining arizasiga bog‘liq bo‘lishi mumkin
Qonun loyihasi harbiy xizmatni tashkil etish va o‘tash tartibini takomillashtirish, harbiy xizmatchilarni rag‘batlantirish hamda malakali uchuvchilarning tajribasidan samarali foydalanishga qaratilgan.
Loyiha mualliflariga ko‘ra, kitobxonlik tanlovida sovrinli o‘rinlarni egallagan harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini bir oyga qisqartirish ularning kitob o‘qishga qiziqishini oshirish va ma’naviy-intellektual salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Muhokama davomida deputat Zuhriddin Mavlonov xizmat muddatini qisqartirish tartibini qonunda aniq belgilash kerakligini ta’kidladi. Amaldagi qonunga ko‘ra, muddatli harbiy xizmat 12 oy davom etadi.
Deputatning fikricha, tanlov g‘olibi xizmatni to‘liq 12 oy o‘tash va yakuniy tadbirlarda qatnashishni istashi ham mumkin. Shu sababli xizmat muddatini qisqartirish harbiy xizmatchining arizasi asosida amalga oshirilishini belgilash taklif etildi.
Harbiy uchuvchilar bilan yangi kontrakt tuzish tartibi belgilanadi
Qonun loyihasining yana bir yo‘nalishi harbiy aviatsiya uchun malakali kadrlarni saqlab qolishga qaratilgan.
Hujjatda O‘zbekiston va xorijiy oliy harbiy ta’lim muassasalarining uchuvchi mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilari bilan yangi kontrakt tuzishning huquqiy asoslarini belgilash taklif etilmoqda.
Tashabbus orqali uchuvchilarning kasbiy faoliyati barqarorligini ta’minlash, malakasi va tajribasini oshirish hamda Qurolli Kuchlarning malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish ko‘zda tutilgan.
Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Kozimjon Tojiyev zamonaviy aviatsiya texnikasini xavfsiz boshqarish va aviatsiya bo‘linmalarining jangovar shayligini ta’minlash yuqori kasbiy mahorat, maxsus tayyorgarlik hamda amaliy tajriba talab qilishini qayd etdi.
Qonun loyihasini tayyorlashda xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilgan. Hujjat Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar bilan kelishilgan hamda Adliya vazirligining ijobiy xulosasini olgan.
Muhokamalar yakunida qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu hali takliflar kuchga kirganini anglatmaydi.
Avvalroq 2026/2027-o‘quv yilidan Jamoat xavfsizligi universitetida bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakliga qabul kvotasi 600 nafargacha, masofaviy ta’limga esa 300 nafargacha oshirilishi haqida xabar berilgandi.