Li Auto i6 2027-yilda Yevropa bozoriga chiqadi

13-oktabr 2026 10:13 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Li Auto i6 2027-yilda Yevropa bozoriga chiqadi
Foto: Li Auto

Li Auto i6 elektr krossoveri 2027-yilning birinchi choragida Yevropa bozoriga chiqadi. Model Yevropada Li 6 nomi bilan sotiladi, dastlabki yetkazib berishlar esa Niderlandiya va Norvegiyada boshlanadi.

Avtomobilning Yevropa uchun mo‘ljallangan versiyasi 12-oktabr kuni 2026-yilgi Parij avtosalonida namoyish etildi.

Li 6 yangi dizayn elementlarini oldi

Yevropa versiyasi yarim yashirin eshik tutqichlari, ikki marta taqillatish orqali ochiladigan old bagaj va matritsali faralar bilan jihozlangan.

Krossoverning uzunligi 4 950 mm, kengligi 1 935 mm, balandligi 1 655 mm. G‘ildirak bazasi 3 000 mm ni tashkil etadi.

Salonida 29 dyuymli ekran bor

Li 6 salonida 29 dyuymli yirik displey o‘rnatilgan.

Multimedia tizimi sakkizta Yevropa tilini, navigatsiya, Spotify va Apple CarPlay xizmatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, Yevropa foydalanuvchilari uchun YouTube va Apple Music kabi ilovalar ham moslashtirilgan.

Xitoy uchun mo‘ljallangan yangilangan versiyada old qator uchun ikkita «zero-gravity» o‘rindiq va orqa yo‘lovchilar uchun shiftga o‘rnatilgan 21 dyuymli ekran ham mavjud bo‘ladi.

Foto: Li Auto

Bir quvvatlashda 640 km yurishi mumkin

Li 6 800 V yuqori kuchlanishli arxitektura va 5C tezkor quvvatlash tizimini qo‘llab-quvvatlaydi.

Xitoy versiyasi 96 kVt·soat sig‘imli NMC batareyasi bilan jihozlangan. Boshlang‘ich orqa g‘ildirakdan tortuvchi versiyada 250 kVt, ya’ni 335 ot kuchiga ega elektr dvigatel ishlatiladi.

Ikki motorli to‘liq uzatmali versiyaning umumiy quvvati 400 kVt yoki 536 ot kuchini tashkil etadi.

Orqa g‘ildirakdan tortuvchi versiya CLTC sikli bo‘yicha 780 km masofani bosib o‘tadi. Bu WLTP bo‘yicha taxminan 640 km ga teng.

1280 TOPS hisoblash quvvatiga ega

Xitoydagi Li 6 Qualcomm 8797 chipi va Li Auto tomonidan ishlab chiqilgan Mach 100 protsessorini oladi.

Mach 100 haydovchiga yordam tizimlari uchun ishlatiladi va 1280 TOPSgacha hisoblash quvvatini ta’minlaydi.

Model Xitoyda shahar yo‘llari va magistrallarda Navigate On Autopilot funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq ushbu tizimning Yevropa yo‘llariga moslashtirilishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Yevropaga yetkazib berish 2027-yilda boshlanadi

Li 6’ning dastlabki Yevropa yetkazib berishlari 2027-yilning birinchi choragida Niderlandiya va Norvegiyada boshlanadi. Keyinchalik boshqa Yevropa bozorlariga ham chiqish rejalashtirilgan.

Xitoyda Li i6 brendning eng ko‘p sotilayotgan modellardan biri bo‘lib, 2026-yil yanvar – avgust oylarida 152 842 dona avtomobil yetkazib berilgan.

Avvalroq «Kursiv» Chevrolet yangi avtomobilini yangi ranglarda chiqarishi haqida yozgan edi.

Shuningdek