Nodirbek Abdusattorov bo‘lajak rafiqasi bilan qanday tanishgan

13-oktabr 2026 08:04 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Nodirbek Abdusattorov bo‘lajak rafiqasi bilan qanday tanishgan
Foto: «Uzchess»

O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov «Lolazor» podkastida bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan qanday tanishgani haqida gapirib berdi. Ularning ilk uchrashuvi shu yil Navro‘z bayrami munosabati bilan «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida o‘tkazilgan tadbirda bo‘lgan.

Shaxmatchining aytishicha, u tadbirga sportchi sifatida taklif etilgan. Bayram dasturida turli yo‘nalishlarda yutuqqa erishgan yoshlar qatnashgan va Abdusattorov bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan aynan shu yerda birga o‘tirib qolgan.

Telefon bo‘lmasa ham kontaktini olishga muvaffaq bo‘lgan

Abdusattorovning so‘zlariga ko‘ra, tadbir ishtirokchilariga telefonlarini konsert hududiga olib kirishga ruxsat berilmagan. Ular ertalab Toshkent shahar hokimiyatiga yig‘ilib, telefonlarini shu yerda qoldirgan va keyin avtobuslarda «Yangi O‘zbekiston» bog‘iga olib borilgan.

«O‘sha yerda birga o‘tirishib, tanishib qolganmiz. Telefonlarni hammasini o‘sha yerda qoldirganmiz. Keyin konsert o‘tgan, qaytganmiz. O‘sha yerda baribir amallab kontaktlarini olganman», — dedi shaxmatchi podkastda.

Abdusattorov suhbat davomida bo‘lajak rafiqasi bilan tanishuvi aynan shu yil boshlanganini ham aytdi.

Abdusattorov Sevinch Mavlonovaga unashtirilgan

Grossmeysterning unashtiruv marosimi 4-oktabr kuni bo‘lib o‘tdi. Uning bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Sevinch Mavlonova. Bu haqda avvalroq UzChess xabar bergan.

Mavlonova Yangi O‘zbekiston universitetida tahsil oladi va kiberxavfsizlik yo‘nalishida faoliyat yuritadi. U 2026-yilda Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan, shuningdek, Yulduz Tech mukofotida «Eng yaxshi ayol kiberxavfsizlik mutaxassisi» nominatsiyasini qo‘lga kiritgan. Juftlikning to‘yi 2027-yil mart oyiga rejalashtirilgan.

Ikki karra Olimpiada chempioni

Abdusattorov O‘zbekiston shaxmatining yetakchi vakillaridan biri hisoblanadi. U 2021-yilda rapid bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan.

2022-yilda Chennayda o‘tkazilgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi bilan oltin medalni qo‘lga kiritgan. 2026-yilda Samarqandda o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston yana chempion bo‘ldi. Abdusattorov musobaqada birinchi taxtada ham oltin medalga sazovor bo‘lgan.

Avvalroq «Kursiv» Nodirbek Abdusattorov unashtirilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek