Banklarga omonat shartnomalaridagi cheklovlarni olib tashlash topshirildi

Markaziy bank ayrim tijorat banklarining omonat shartnomalarida mijozlarning o‘z mablag‘larini qaytarib olish huquqini cheklashi mumkin bo‘lgan bandlarni aniqladi. Banklarga amaldagi shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish va qonunchilikka zid shartlarni zudlik bilan bartaraf etish talabi qo‘yildi.
Ayrim shartnomalarda omonatni qaytarish cheklangan
Markaziy bank tijorat banklarining omonat mahsulotlari bo‘yicha shartnomalarini o‘rganib chiqdi.
Natijada ayrim banklar shartnomalarida ommaviy tartibsizliklar, mitinglar, bosqinchilik holatlari yoki bankning to‘lovga qobiliyatsizligi davrida omonatni muddatidan oldin qaytarish bo‘yicha bank javobgar bo‘lmasligi ko‘rsatilgani aniqlandi.
Markaziy bank bunday shartlar omonatchining o‘z mablag‘ini qaytarib olish huquqini cheklashi mumkinligini qayd etdi.
Bank omonatni mijoz talab qilganda qaytarishi shart
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, omonat turidan qat’i nazar, bank mijozning talabi bilan omonat summasini yoki uning bir qismini qaytarishi kerak.
Shuningdek, iste’molchi huquqlarini cheklovchi va qonunchilikka zid bo‘lgan shartlar haqiqiy hisoblanmaydi.
Barcha omonat shartnomalari qayta ko‘rib chiqiladi
Markaziy bank tijorat banklariga amaldagi omonat shartnomalarini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazishni topshirdi.
Banklar iste’molchilar huquqlarini cheklovchi yoki qonunchilikka zid bandlarni aniqlashi va ular mavjud bo‘lsa, zudlik bilan olib tashlashi kerak.
Markaziy bankka ko‘ra, bundan maqsad omonatchilarning o‘z mablag‘larini qaytarib olish huquqini ta’minlash va bank xizmatlarida iste’molchilar manfaatlarini kuchliroq himoya qilish.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlarini soliqqa tortish masalasi jamoatchilik va iqtisodchilar orasida muhokamaga sabab bo‘lgandi. «Yashirin iqtisodiyot» ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti bank omonatlaridan olinadigan foizlarni dividend daromadlariga tenglashtirib, ularga 5 foizlik jismoniy shaxslar daromad solig‘ini qo‘llashni taklif qilgan.