Samarqandda Cobalt va elektroskuter to‘qnashdi: ikki kishi halok bo‘ldi

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida Cobalt va elektroskuter ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Oqibatda elektroskuterdagi ikki yo‘lovchi vafot etdi. Bu haqda Samarqand viloyati YHXB ma’lum qildi.
Hodisa qanday sodir bo‘lgan
YTH 9-oktabr kuni soat 13:00 atrofida Paxtachi tumani Mirkan mahallasi hududidan o‘tuvchi 4K-560 avtomobil yo‘lining 14-kilometrida yuz bergan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Mirkan – Misit yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt haydovchisi yo‘lning o‘ng tomonidan to‘satdan chiqqan velosipedchini urib yubormaslik uchun rulni chapga burgan. Oqibatda u boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va elektroskuterni urib yuborgan.
Ikki yo‘lovchi vafot etdi
To‘qnashuv oqibatida elektroskuterdagi yo‘lovchilardan biri voqea joyida vafot etgan. Haydovchi va yana bir yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlar ko‘rsatgan muolajalarga qaramay, ikkinchi yo‘lovchi ham shifoxonada vafot etgan.
Holat yuzasidan Paxtachi tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Termiz tumanida 16 yoshli maktab o‘quvchisi onasiga tegishli Cobalt avtomobilini katta tezlikda boshqarib, yo‘l o‘rtasidagi yoritish ustuniga urilgandi. Mashinada bo‘lgan uning sinfdoshi voqea joyida vafot etgan, haydovchi esa jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.