Samarqandda «yashil shahar» tajribasi yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Samarqandda mikroo‘rmonlar, kichik botanika bog‘lari va suvni tejovchi ko‘kalamzorlashtirish yechimlarini sinovdan o‘tkazish taklif qilindi. Natija ijobiy bo‘lsa, tajribani O‘zbekistonning boshqa shaharlari va Markaziy Osiyo davlatlariga ham tatbiq etish mumkin. Bu masala Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov va FAO bosh direktori Syuy Dunyuy uchrashuvida muhokama qilindi.
Cho‘llanishga qarshi «yashil qalqon» loyihasi yo‘lga qo‘yiladi

Uchrashuvda yerlarning degradatsiyasi, cho‘llanish, qum va chang bo‘ronlariga qarshi «Markaziy Osiyoning yashil qalqoni» tashabbusi ham muhokama qilindi. Unda mintaqada himoya o‘rmonzorlari va yashil to‘siqlar tizimini yaratish ko‘zda tutilgan.
FAO ko‘magida loyiha uchun ustuvor hududlar, aniq ko‘rsatkichlar va moliyalashtirish mexanizmlarini belgilash taklif qilindi.
Toshkentda suv va yer resurslari bo‘yicha mintaqaviy ofis ochilishi mumkin
Uchrashuvda Markaziy Osiyoda suv va yer resurslaridan birgalikda foydalanish masalalariga qaratilgan CAWLN dasturining ofisini Toshkentdagi Green University bazasida tashkil etish taklif qilindi. Dastur suv va yer resurslarini o‘zaro bog‘liq holda boshqarish, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish va qo‘shma loyihalarni muvofiqlashtirishga qaratilgan.
Hozir O‘zbekiston va FAO hamkorligida umumiy qiymati $33 mln dan ortiq bo‘lgan 10 dan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, xavfli kimyoviy moddalarni xavfsiz boshqarishga qaratilgan €3,9 mlnlik loyiha ham davom etmoqda.
Yangi ekologik loyihalarni Yashil iqlim jamg‘armasi, Global ekologik jamg‘arma va boshqa xalqaro manbalar orqali moliyalashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishib oldi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 2030-yilgacha yashil bog‘ va jamoat parklari sonini 1 023 taga yetkazish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.