Bank of America 1,2 mlrd dollar jarimaga tortildi

eʼlon qilindi
AQSh regulyatorlari bank $5 mlrddan ortiq shubhali operatsiyalar haqida hukumatga o‘z vaqtida xabar bermaganini aniqladi
Bank of America 1,2 mlrd dollar jarimaga tortildi
Foto: depositphotos

Bank of America pul yuvishga qarshi kurashish tizimidagi kamchiliklar sabab $1,2 mlrd jarimaga tortildi. Bu haqda AQSh Moliya vazirligi ma’lum qildi, deb yozmoqda BBC.

Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, bank umumiy qiymati $5 mlrddan oshgan shubhali operatsiyalar haqida hukumatga tegishli hisobotlarni taqdim etmagan. Shundan qariyb $1 mlrdlik operatsiyalar milliy xavfsizlik va noqonuniy moliyaviy faoliyat bilan bog‘liq xavflarni yuzaga keltirgan.

Xitoy bilan bog‘liq operatsiyalar ham aniqlangan

AQSh Moliya vazirligiga ko‘ra, Bank of America Xitoydagi pul yuvish tarmoqlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayrim operatsiyalarni tegishli tartibda belgilamagan.

Shuningdek, AQShning janubi-g‘arbiy chegarasi bilan sezilarli aloqasi bo‘lgan savdo orqali pul yuvishga oid ehtimoliy tranzaksiyalar ham o‘z vaqtida aniqlanmagan.

Moliya vazirligi bank ichki nazorat tizimlariga yetarlicha tayanmasdan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa moliya tashkilotlaridan keladigan so‘rovlarga ortiqcha bog‘lanib qolganini qayd etdi.

«Bank bunday yo‘l bilan shubhali faoliyatni faol aniqlash va hisobot berish majburiyatlarining katta qismini amalda uchinchi tomonlarga yuklagan», – deyiladi vazirlik bayonotida.

Bank qoidabuzarliklarni tan oldi

Kelishuv doirasida Bank of America Bank siri to‘g‘risidagi qonun talablarini qasddan buzganini tan olgan.

Xususan, bank pul yuvishga qarshi talabga javob beradigan dastur yaratmagan, xorijiy korrespondent hisobvaraqlari bo‘yicha zarur tekshiruvlarni to‘liq o‘tkazmagan va shubhali operatsiyalar haqida hisobotlarni topshirmagan.

AQSh moliya vaziri Skott Bessent yirik bankning bunday majburiyatlarni bajarmasligi butun moliya tizimiga ta’sir qilishini ta’kidladi.

«Bunday miqyosdagi bank pul yuvishga qarshi kurashish va sanksiyalar talablarini bajarmasa, oqibatlar faqat bankning o‘zi bilan cheklanib qolmaydi», – dedi u.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Ilon Mask AQSh saylovlariga $276 mln sarflagani haqida yozgan edi.

Shuningdek