Depozitlarda 19%: bank tizimida dollarlashuv pasaydi

2026-yil 1-sentabr holatiga O‘zbekiston bank tizimida xorijiy valyutadagi mablag‘lar ulushi kamayishda davom etdi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, xorijiy valyutadagi depozitlar ulushi bir yil ichida 23 foizdan 19 foizgacha tushgan.
Dollarlashuv darajasi
Bank tizimining asosiy ko‘rsatkichlarida milliy valyutaning ulushi oshgan.
Xususan, xorijiy valyutadagi aktivlar ulushi 2025-yilning mos davridagi 39 foizdan 34 foizgacha kamaydi. Kreditlarda bu ko‘rsatkich 40 foizdan 38 foizga, depozitlarda esa 23 foizdan 19 foizgacha tushdi.
Markaziy bank buni bank tizimida dollarlashuv darajasining pasayish tendensiyasi bilan izohladi.
Depozitlar 34 foizga ko‘paydi
Shuningdek, o‘qing: Markaziy bank sentabr oyida 8 ta bankka jarima qo‘lladi
Banklardagi depozitlar eng yuqori o‘sish sur’atini qayd etdi. Ularning umumiy hajmi bir yil ichida 363,7 trln so‘mdan 487,6 trln so‘mgacha yetib, 34 foizga oshdi.
Kredit qo‘yilmalari esa 12 foizga ko‘payib, 648,9 trln so‘mni tashkil etdi.
Depozitlarning kreditlarga qaraganda tezroq o‘sishi banklarning ichki resurs bazasi kengayayotganini ko‘rsatmoqda.
Bank aktivlari 1 kvadrln so‘mdan oshdi
2026-yil 1-sentabr holatiga bank tizimining jami aktivlari 1 025,8 trln so‘mga yetdi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 863,1 trln so‘m edi. Shunday qilib, banklarning jami aktivlari bir yil ichida 19 foizga oshgan.
Bank tizimining jami kapitali ham o‘sishda davom etdi. Uning hajmi o‘tgan yilgi 128,8 trln so‘mdan 151,5 trln so‘mgacha ko‘paydi. Yillik o‘sish 18 foizni tashkil etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq banklarga omonat shartnomalaridagi cheklovlarni olib tashlash topshirilgandi. Markaziy bank ayrim tijorat banklarining omonat shartnomalarida mijozlarning o‘z mablag‘larini qaytarib olish huquqini cheklashi mumkin bo‘lgan bandlarni aniqladi.