FIDE ilk bor yangi formatda U7–U17 jahon chempionatini o‘tkazmoqda

Ispaniyaning Roketas-de-Mar shahrida 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasidagi jahon chempionati start oldi. Musobaqada O‘zbekiston sharafini 13 nafar yosh shaxmatchi himoya qiladi. Bu haqda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi xabar berdi.
Jahon chempionati ilk bor yangi formatda o‘tkaziladi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tomonidan tashkil etilgan musobaqa U7, U9, U11, U13, U15 va U17 yosh toifalarida o‘tkaziladi. Har bir toifada o‘g‘il bolalar va qizlar alohida bellashadi.
Chempionat 11 turdan iborat Shveysarcha tizim asosida tashkil etilgan. Har bir ishtirokchiga partiya uchun 45 daqiqa vaqt beriladi va har bir yurishdan so‘ng qo‘shimcha 30 soniya qo‘shiladi.
FIDE ma’lumotiga ko‘ra, bunday qisqartirilgan vaqt nazorati ushbu yosh toifalaridagi jahon chempionatida ilk bor qo‘llanmoqda.
O‘zbekiston sharafini kimlar himoya qiladi
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda Fazliddin Farhodov, Sayfuddin Erkinboyev, Akbar Mustafoqulov, Ibrohim Jumanazarov, Biloliddin Obidov va Shahzodbek Hamzayev ishtirok etadi.
Qizlar o‘rtasidagi musobaqalarda esa Malika Ikromova, Aminabonu Zohirova, Husnora Xusnitdinova, Lazizabonu Komiljonova, Sarvinoz Begmuratova, Shahrizoda Sattorova va Mumtozbegim Mansurova O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.
Jahon chempionatining birinchi turi 14-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 13:30 da boshlanadi. Musobaqaning so‘nggi, 11-turi 20-oktabrda o‘tkazilib, shu kuni g‘oliblar aniqlanadi. Delegatsiyalarning jo‘nab ketishi esa 21-oktabrga belgilangan.
Avvalroq «Kursiv» FIDE o‘zbekistonlik Javohir Sindarov va hindistonlik Gukesh Dommaraju o‘rtasidagi jahon chempionligi uchun bahs reglamentini tasdiqlagani haqida yozgan edi.