Husiylar Saudiya Arabistoniga yangi raketa hujumi uyushtirdi

Yamandagi husiylar Saudiya Arabistoni hududiga navbatdagi raketa hujumlarini amalga oshirdi. Saudiya tomoni bir nechta raketa, jumladan, poytaxt Ar-Riyod tomon yo‘naltirilgan raketalar urib tushirilganini ma’lum qildi. Bu haqda DW xabar berdi.
Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Yamandagi obyektlarga zarbalar berdi. Tomonlar hujumlar davomida energetika infratuzilmasini ham nishonga olgan.
Ar-Riyodda to‘rt kishi jarohatlandi
Saudiya Arabistoni fuqaro mudofaasi ma’lumotiga ko‘ra, Ar-Riyod ustida husiylarning ikkita raketasi urib tushirilganidan keyin yerga qulagan parchalar oqibatida to‘rt kishi jarohatlangan.
Jarohatlanganlar orasida ikki ayol, bir erkak va bir bola bor. Shuningdek, 15 ta uyga zarar yetgani ma’lum qilingan.
Hujum vaqtida Ar-Riyod aholisi kuchli portlash ovozini eshitgan. Fuqarolarning telefonlariga «dushman havo tahdidi» haqida ogohlantirish ham yuborilgan.
Saudi Aramco binosida yong‘in chiqdi
Saudiya Arabistoni Energetika vazirligiga ko‘ra, Dahran shahridagi Saudi Aramco bosh qarorgohiga hujum oqibatida binoda «cheklangan yong‘in» yuzaga kelgan.
Hodisa natijasida qurbonlar yoki jarohatlanganlar qayd etilmagan.
Reuters suhbatlashgan kompaniya manbasining aytishicha, ballistik raketa ofis binosining yuqori qavatlariga kelib urilgan.
Dahrandagi majmua Saudi Aramco’ning asosiy operatsion markazlaridan biri hisoblanadi.
Sano shahridagi yonilg‘i obyekti ham nishonga olindi
Shu kuni Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Yamanning Sano shahridagi yonilg‘i obyektiga zarba bergani xabar qilindi.
So‘nggi hujumlar Saudiya Arabistoni va husiylar o‘rtasidagi keskinlik davom etayotgan bir paytda yuz berdi. Har ikki tomon energetika infratuzilmasiga zarbalar bergani haqida ma’lumotlar tarqalmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Ar-Riyod aeroporti 17-oktabrgacha yopilgani haqida yozgan edi.