Nodavlat sport tashkilotlari uchun reyestr joriy etiladi

O‘zbekistonda nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari hamda sport inshootlari reyestrlari yuritiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, reyestrlar axborot tizimi orqali shakllantiriladi va sport tashkilotlari haqidagi ma’lumotlar ochiq ma’lumot sifatida joylashtiriladi.
Arizalar besh ish kunida ko‘rib chiqiladi
Nodavlat sport tashkilotini reyestrga kiritish bo‘yicha ariza besh ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Agar zarur ma’lumotlar to‘liq taqdim etilgan bo‘lsa, vakolatli organning qarori bilan tashkilot reyestrga kiritiladi.
Hujjatlarda kamchilik aniqlansa, vakolatli organ uch ish kuni ichida reyestrga kiritishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Tashkilotlar reyestrdan chiqarilishi ham mumkin
Sport tashkiloti o‘z xohishiga ko‘ra murojaat qilsa, reyestrga kiritilgandan keyin uch oy ichida sportchilar va trenerlar haqidagi ma’lumotlarni joylashtirmasa yoki shtatida malakali trener bo‘lmasa, reyestrdan chiqarilishi mumkin.
Shuningdek, tashkilot faoliyati qonunchilikda belgilangan tartibda tugatilgan taqdirda ham reyestrdan chiqariladi.
Sport inshootlari uchun alohida reyestr bo‘ladi
Sport inshootlari reyestri ham axborot tizimi orqali yuritiladi. Inshoot mulkdori yoki uni balansda saqlovchi tashkilot reyestrga kiritish uchun ariza beradi.
Ariza besh ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Sport inshootining faoliyat turi sport sohasidan boshqa yo‘nalishga o‘zgartirilsa, u foydalanishga yaroqsiz deb topilsa yoki mulkdor tegishli ariza bersa, obyekt reyestrdan chiqariladi.
Reyestrga kiritilmagan inshootda rasmiy musobaqa bo‘lmaydi
Qarorga ko‘ra, reyestrga kiritilmagan sport inshootlarida rasmiy sport musobaqalarini o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, Prezidentning 2025-yil 8-iyuldagi PQ–221-son qarori ijrosi doirasida reyestrdagi sport tashkilotlari sportchilariga rasmiy musobaqalarda qatnashish huquqi beriladi.
Avvalroq «Kursiv» issiqxona xo‘jaliklariga yangi soliq va imtiyozlar berilishi haqida yozgan edi.