O‘zbekistonda 55 yildan beri deyarli uchramagan ko‘rshapalak aniqlandi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Bu turning O‘zbekiston faunasida mavjudligini tasdiqlovchi ilk holat bo‘ldi
Foto: ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonning Ustyurt platosidagi «Janubiy Ustyurt» milliy tabiat bog‘ida turkman uzunquloq ko‘rshapalagi (Plecotus turkmenicus) aniqlandi. Bu turning O‘zbekiston faunasida mavjudligini tasdiqlovchi ilk holat bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xabar berdi.

Noyob ko‘rshapalak sentabrda topildi

Turkman uzunquloq ko‘rshapalagi sentabr oyida Turkmaniston bilan chegaraga yaqin hududda, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi loyihasi doirasidagi ekspeditsiya vaqtida aniqlangan.

Avval bu tur haqida 1970-yilgacha to‘plangan ma’lumotlar va muzey eksponatlari orqali ma’lum bo‘lgan. Fanlar akademiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ko‘rshapalak qariyb 55 yil davomida tabiatda deyarli uchramagan.

Olimlar uni alohida tur sifatida tan olgan

Zoologiya instituti katta ilmiy xodimi Mariya Gritsinaning tushuntirishicha, 1988-yilda zoolog Pyotr Strelkov turkman uzunquloq ko‘rshapalagini kulrang uzunquloq ko‘rshapalakning (Plecotus austriacus) kenja turi sifatida tavsiflagan.

2006-yilda esa Friderike Shpitzenberger va uning hamkasblari morfologik hamda genetik tadqiqotlar asosida uni mustaqil tur deb tan olgan.

Mutaxassislarning fikricha, turning Ustyurtda aniqlanishi O‘zbekiston faunasini o‘rganish va mamlakat biologik xilma-xilligi haqidagi ma’lumotlarni kengaytirishda muhim ahamiyatga ega.

Iqlim o‘zgarishi yashash muhitiga xavf solmoqda

Turkman uzunquloq ko‘rshapalagi kam o‘rganilgan noyob turlardan biri hisoblanadi. Berlin tabiiy tarix muzeyi ma’lumotiga ko‘ra, Markaziy Osiyoda harorat oshishi va cho‘llarning qurib borishi uning yashash muhitini yanada qisqartirishi mumkin.

2025-yilda Germaniya, O‘zbekiston va Turkmaniston olimlaridan iborat guruh Turkmanistonning Qoraqum cho‘lida ushbu ko‘rshapalakni qayd etgan edi. U O‘zbekiston chegarasiga yaqin hududda aniqlangani sababli turning qo‘shni mamlakat hududida ham yashashi mumkinligi taxmin qilingan.

Muzey ma’lumotiga ko‘ra, Turkmaniston hukumati cho‘l hududida 50 ming gektardan ortiq maydonni muhofaza etiladigan hududga aylantirishni rejalashtirmoqda. Bu tashabbus ko‘rshapalaklar bilan birga yovvoyi eshaklar va jayronlar kabi boshqa hayvonlarni ham himoya qilishga yordam berishi mumkin.

Avvalroq Avstraliyaning Kvinslend shtatida boshi qismidan ikkita qo‘shimcha oyoq o‘sib chiqqan buzoq tug‘ilgandi.

Shuningdek