Qashqadaryoda sel Damas’ni oqizib ketdi: bir kishi halok bo‘ldi

thestatesman.com
Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida kuchli sel Damas avtomobilini oqizib ketdi. Hodisa oqibatida mashinadagi yo‘lovchi halok bo‘ldi, haydovchi esa qutulishga muvaffaq bo‘lgan. Bu haqda Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Haydovchi mashinadan chiqishga ulgurgan
Hodisa 13-oktabr kuni soat 17:30 atrofida Dehqonobod tumanining Qo‘ng‘irot mahallasidagi Shakarbuloq qishlog‘ida yuz bergan. Tog‘li hududda qisqa vaqt ichida kuchli yomg‘ir yog‘ib, sel kelishiga sabab bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Damas haydovchisi va uning yo‘lovchisi yo‘ldan adashib, sel o‘zani yaqinida to‘xtagan. Ko‘p o‘tmay, avtomobil suv oqimi ichida qolib ketgan.
Haydovchi mashinadan chiqishga ulgurgan va favqulodda xizmatlarga qo‘ng‘iroq qilishga uringan. U yo‘lovchini ham ogohlantirgan, biroq kuchli oqim avtomobilni olib ketgan.
Yo‘lovchining jasadi topildi
Qidiruv-qutqaruv ishlari davomida avtomobildagi yo‘lovchining jasadi topilgan. Hodisa joyida favqulodda vaziyatlar xizmati, ichki ishlar organlari va mahalliy hokimlik vakillari ishlagan. Voqea yuzasidan tegishli tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda 13 – 14-oktabr kunlari kutilayotgan yomg‘irlar sababli respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.