Qishga tayyorgarlik: 243,7 mlrd so‘m nimaga sarflandi

O‘zbekistonda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 6 686 ta ko‘p kvartirali uy ta’mirlandi. Buning uchun boshqaruv tashkilotlari hisobidan 243,7 mlrd so‘m sarflandi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
29 mingga yaqin xonadonlarda isitish tizimi o‘rnatildi
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ta’mirlash ishlari davomida 1 145 ta tom, 6 692 ta podyezd, 850 ta yerto‘la, 438 ta uyning ichki muhandislik quvurlari hamda 724 ta fasad ta’mirlandi.
Bundan tashqari, rejalashtirilgan dasturdan tashqari yana qariyb 3 mingta ko‘p kvartirali uyda ta’mirlash ishlari bajarildi. Hududlarda 29 mingga yaqin xonadonlarni qamrab olgan 587 ta ko‘p kvartirali uyda ichki isitish tizimlari o‘rnatildi. Shuningdek, 675 ta uyning 609 ming kvadrat metr fasadi energiya tejovchi materiallar bilan qoplandi.
Ichimlik suvi tarmoqlari ham ta’mirlandi
Mamlakat bo‘ylab qariyb 188 km ichimlik suvi tarmog‘i va 616 ta nasos uskunasi mukammal ta’mirdan chiqarildi. Bundan tashqari, 3 128 km ichimlik suvi tarmog‘i hamda 1 038 ta nasos uskunasida joriy ta’mirlash ishlari yakunlandi.
Ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish uchun esa Davlat budjetidan 521 mlrd so‘m ajratilgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan bolalar maydonchalari, piyodalar yo‘laklari va irrigatsiya tarmoqlarini qurish ishlari olib borilmoqda.
Isitish mavsumi uchun 18 ming tonnadan ortiq yoqilg‘i jamg‘arildi
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 36 ta qozonxona qozoni, 16,5 km issiqlik tarmog‘i va 89 ta yordamchi uskuna mukammal ta’mirlandi. Hozirda yana beshta qozon, 9,3 km issiqlik tarmog‘i va ikkita yordamchi uskunani ta’mirlash ishlari davom etmoqda.
Favqulodda holatlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 105 ta avariya-tiklash brigadasi tashkil etildi. Ular uchun 116 ta maxsus texnika va 83 ta generator tayyorlandi. Shuningdek, ehtiyoj yuzaga kelganda foydalanish uchun 18 ming tonnadan ortiq ko‘mir va mazut zaxirasi jamg‘arildi.
Kommunal muammolar bo‘yicha qayerga murojaat qilish mumkin?
Kuz-qish mavsumida kommunal muammolar bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish uchun tunu kun ishlaydigan dispetcherlik xizmatlari tashkil etildi. Ularda faoliyat yurituvchi 262 nafar xodimning malakasi oshirildi.
Aholi uy-joylardagi isitish va boshqa kommunal muammolar yuzasidan vazirlikning ishonch telefoni yoki @Kommunalmurojaat_bot Telegram boti orqali murojaat qilishi mumkin. Murojaatlar maxsus ishchi guruh tomonidan o‘rganiladi.
Avvalroq «Kursiv» Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga yangi vakolatlar berilgani yozgan edi.