Turkiyada ishlash uchun 124 ta vakansiya: oylik maosh 13 mln so‘mgacha

eʼlon qilindi
Oylik maoshlar 9 mln so‘mdan 13,3 mln so‘mgacha
Foto: NTV

O‘zbekiston fuqarolari Turkiyadagi qurilish kompaniyasida ishlash uchun 124 ta bo‘sh ish o‘rniga ariza topshirishi mumkin. Vakansiyalar orasida ekskavator operatori, payvandchi, avtoelektrik, santexnik, oddiy ishchi va turkcha-o‘zbekcha tarjimon bor. Oylik maoshlar 9 mln so‘mdan 13,3 mln so‘mgacha. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Qaysi kasblar bo‘yicha ishchi kerak

Turkiyadagi TAYGA GROUP kompaniyasi uchun turli kasblar bo‘yicha xodimlar qidirilmoqda. E’lonlarda eng ko‘p ish o‘rinlari oddiy ishchilar va qurilish texnikalarini boshqaradigan mutaxassislar uchun ajratilgan.

Vakansiyalar va oylik maoshlar quyidagicha:

  • Oddiy ishchi — 30 ta ish o‘rni. Oylik maosh 37 500 turk lirasi, taxminan 9,05 mln so‘m.
  • Ekskavator operatori — 25 ta ish o‘rni. Maosh 47 500 lira yoki 11,46 mln so‘m.
  • Yo‘l katogi operatori — 20 ta ish o‘rni. Maosh 43 000 lira yoki 10,38 mln so‘m.
  • Yuklagich (loder) operatori — 10 ta ish o‘rni. Maosh 47 000 lira yoki 11,34 mln so‘m.
  • Santexnik — 10 ta ish o‘rni. Maosh 47 500 lira yoki 11,46 mln so‘m.
  • Turkcha-o‘zbekcha tarjimon — 8 ta ish o‘rni. Maosh 55 000 lira yoki 13,27 mln so‘m.
  • Shina ta’mirlash ustasi — 6 ta ish o‘rni. Maosh 38 500 lira yoki 9,29 mln so‘m.
  • Ta’mirlash ustasi yoki mexanik — 5 ta ish o‘rni. Maosh 47 500 lira yoki 11,46 mln so‘m.
  • Avtoelektrik — 5 ta ish o‘rni. Maosh 48 500 lira yoki 11,71 mln so‘m.
  • Payvandchi — 5 ta ish o‘rni. Maosh 47 500 lira yoki 11,46 mln so‘m.

Ish sharoitlari qanday

«Xorijda ish» platformasidagi vakansiya ma’lumotlarida haftasiga olti kun, jami 60 soat ishlash jadvali ko‘rsatilgan. Ayrim e’lonlarda ijtimoiy himoya va tibbiy sug‘urta taqdim etilishi qayd etilgan.

Shartlar kasbga qarab farqlanishi mumkin. Masalan, qurilish maydonidagi tarjimon vakansiyasi bo‘yicha turar joy berilmasligi ko‘rsatilgan. Shu sababli nomzodlar ariza topshirishdan oldin o‘zlari tanlagan vakansiyaning barcha talab va shartlarini tekshirishi kerak.

Arizalar qachongacha qabul qilinadi

Vakansiyalar bo‘yicha arizalar 2026-yil 16-oktabrgacha qabul qilinishi ko‘rsatilgan. Nomzodlar ish o‘rinlari, kasbiy talablar va murojaat tartibi bilan Migratsiya agentligining «Xorijda ish» platformasida tanishishi mumkin.

Avvalroq Serbiyaning «Sherpa d.o.o.» kompaniyasi 2027-yilda O‘zbekistondan 300 nafardan ortiq qurilish va unga turdosh kasb vakillarini ishga jalb qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek