1-noyabrdan xalqaro kuryerlik jo‘natmalari uchun bojxona yig‘imi 20% kamayadi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Yangi stavka har bir kilogramm uchun 8 800 so‘mdan 7 040 so‘mgacha tushadi
Xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalarini bojxonadan o‘tkazish tartibi belgilandi
Foto: depositphotos

2026-yil 1-noyabrdan O‘zbekistonda xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun undiriladigan yig‘im 20 foizga kamayadi. Ushbu o‘zgarish 2026-yil 12-oktabrda qabul qilingan prezident qarorida belgilangan.

Hozirda xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish yig‘imi har bir kilogramm uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi yoki 8 800 so‘mni tashkil etadi.

1-noyabrdan stavka BHMning 1,6 foizigacha kamayadi. Natijada har bir kilogramm uchun bojxona yig‘imi 7 040 so‘m bo‘ladi. Masalan, 5 kilogrammlik posilka uchun hozir 44 ming so‘m yig‘im to‘lansa, yangi tartibda bu summa 35,2 ming so‘mni tashkil etadi. 10 kilogrammlik jo‘natmada esa to‘lov 88 ming so‘mdan 70,4 ming so‘mgacha kamayadi.

Bojsiz olib kirish limiti o‘zgarmaydi

Yangi tartib aynan bojxona rasmiylashtiruvi uchun undiriladigan yig‘imga taalluqli. Agar jo‘natma qiymati bojsiz olib kirish uchun belgilangan limitdan oshsa, boshqa bojxona to‘lovlari alohida tartibda undiriladi.

Shuningdek, yig‘imning kamayishi kuryer yoki logistika kompaniyalarining yetkazib berish tariflari ham avtomatik ravishda pasayishini anglatmaydi.

Prezident qarorida yana 2027-yil 31-dekabrgacha M2, M3 va N toifadagi transport vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan ayrim komponentlarni bojxona bojisiz import qilish imkoniyati berilishi nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda bojxona tartiblarining bir qator talablari bekor qilinishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, bojxona organlari infratuzilmasini yaxshilash, sun’iy intellekt texnologiyalaridan kengroq foydalanish va raqamlashtirish darajasini oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek