15 yoshli qiz o‘z dafn marosimida tirildi

eʼlon qilindi
Qizning onasi uni kuzatayotganida sezilgan harakatdan so‘ng tobut ochilgan
Foto: The New York Times

Gvatemalada vafot etgan deb hisoblangan 15 yoshli qiz o‘z dafn marosimida tobut ichida harakatlana boshladi va kutilmaganda o‘rnidan turdi. Qizning onasi uni kuzatayotganida sezilgan harakatdan so‘ng tobut ochilgan. Voqea yig‘ilganlarni hayratga solgan. Bu haqda The New York Times xabar berdi.

Qizni shifokor ko‘rmasdan vafot etgan deb hisoblashgan

Yuleydi Ixchotoyak ismli qiz tongda otasi Abraham Ixchotoyak bilan tibbiyot markaziga ketayotganda hushidan ketgan. Otasi uning nafas olayotgani va tomir urishini sezmaganini aytib, qizini vafot etgan deb hisoblagan.

Biroq qizning o‘limi shifokor tomonidan tasdiqlanmagan va rasmiy o‘lim haqidagi guvohnoma ham berilmagan. Shunga qaramay, oilasi tobut sotib olib, dafn marosimiga tayyorgarlik ko‘rgan.

Qiz hushidan ketganidan taxminan sakkiz soat o‘tib, El Xokote qishlog‘idagi oilaning uyida marosim boshlangan.

Onasi tobut ichidagi harakatni sezgan

Marhum deb hisoblangan qizning onasi Lesvia Rios tobut ustida yig‘layotganida uning ichida nimadir qimirlaganini payqagan. Oila a’zolari tobutni ochganida, pushti futbolka kiygan Yuleydi birdan o‘rnidan turib, gapira boshlagan.

Yaqinlari qizni tobutdan chiqarishga yordam bergan va unga suv berishgan. Oilaning qayg‘usi quvonchga aylangan, yig‘ilganlar esa «Halleluya» deb hayqirgan. Yuleydining aytishicha, hushidan ketishidan oldin yuragi qattiq og‘rigan va ko‘kragida og‘irlik sezgan.

Qizning ahvoli qanday

Xabarga ko‘ra, Yuleydi hushiga kelgan va uyida tiklanmoqda. U tirik qolganidan minnatdor ekanini bildirgan.

Voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Ayrim foydalanuvchilar buni mo‘jiza deb atagan bo‘lsa, boshqalar qiz boshidan kechirgan voqea uning ruhiy holatiga ta’sir qilishi mumkinligini yozgan.

Hozircha qiz nima sababdan hushidan ketgani va uning o‘limi nega shifokor tomonidan tasdiqlanmagani haqida batafsil tibbiy izoh berilmagan.

Avvalroq Xitoyning Xebey provinsiyasida vafot qayd etilgan 70 yoshli ayol sovitkichli tobutga joylashtirilganidan bir kun o‘tib hushiga kelgandi.

Shuningdek