Isitish va issiq suv tariflari 30 foizga oshiriladimi — vazirlik izoh berdi

eʼlon qilindi
Uylarni energiya tejamkor qilishga 240 mlrd so‘m sarflanadi
Isitish va issiq suv tariflarini 30 foizga oshirish taklif qilindi
Foto: Pexels

O‘zbekistonda energiya tariflarini isloh qilish va aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi takliflar muhokama qilindi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.

Takliflar orasida isitish va issiq suv tariflarini 30 foizga oshirish, gazlashmagan hududlarda elektr energiyasi uchun imtiyozli iste’mol me’yorini kengaytirish hamda oilalarga moddiy yordam ajratish bor. Hozircha mazkur o‘zgarishlar taklif sifatida ilgari surilgan.

Isitish va issiq suv 30 foizga qimmatlashishi mumkin

Aholi uchun isitish va issiq suv tariflarini 2026-yil 1-noyabrdan respublika bo‘yicha 30 foizga oshirish taklif qilinmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, tariflar oshirilganidan keyin ham xizmatlarning tannarxi bilan aholi to‘laydigan narx o‘rtasidagi farq qariyb to‘rt baravar bo‘lib qoladi.

Gazlashmagan hududlarda elektr me’yori oshiriladi

Tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan hududlarda isitish mavsumida elektr energiyasining oylik bazaviy me’yorini 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatgacha oshirish taklif etilmoqda.

Bunda 201 – 350 kVt·soat oralig‘idagi elektr energiyasi amaldagi 900 so‘m o‘rniga 650 so‘mdan hisoblanishi ko‘zda tutilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, oyiga 300 kVt·soat elektr ishlatadigan xonadon 25 ming so‘m, 350 kVt·soat sarflaydigan oila esa 37,5 ming so‘m tejashi mumkin.

Yangi me’yor gazlashmagan hududlardagi abonentlarning qariyb 80 foizini qamrab olishi kutilmoqda.

Ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan beriladi

2026/2027-yilgi isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga bir martalik 1 mln so‘mdan moddiy yordam ajratish rejalashtirilgan.

Yordam faqat Ijtimoiy reyestrdagi oilalarga emas, balki belgilangan daromad mezonlariga javob beradigan boshqa xonadonlarga ham berilishi mumkin.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 mln 17 mingdan ortiq xonadonlarni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.

Kommunal to‘lovlar kompensatsiyasi uzaytirilishi mumkin

Elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli bazaviy me’yordan oshganda beriladigan kompensatsiya muddatini 2028-yil 1-aprelgacha uzaytirish taklif qilinmoqda.

Daromad mezonlarini kengaytirish orqali qo‘shimcha 166 ming oilani dasturga kiritish, 470 ming oilaga esa yordamni yana bir yil davom ettirish rejalashtirilgan.

Suyultirilgan gaz uchun ham kompensatsiya beriladi

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga oyiga 20 kg gacha suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun 3 ming so‘mdan kompensatsiya to‘lash taklif etilmoqda.

Natijada belgilangan me’yor doirasida bunday oilalar uchun suyultirilgan gaz xarajati amalda 2 ming so‘m/kg darajasida saqlanib qolishi ko‘zda tutilgan.

Uylarni energiya tejamkor qilishga 240 mlrd so‘m

«Og‘ir» toifadagi mahallalarda davlat ta’minotidagi oilalarga tegishli 3 mingta xonadonni energiya tejamkor qilish rejalashtirilgan.

Uylarni issiqlikni saqlovchi materiallar bilan izolyatsiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshiklar, quyosh panellari hamda geliokollektorlar o‘rnatish uchun 240 mlrd so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Ko‘mir va kommunal qarzlar uchun ham yordam beriladi

Yoqilg‘i va kommunal xarajatlarni qoplash bo‘yicha yordam oluvchilar doirasini kengaytirish ham taklif etilgan.

«Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi orqali kommunal xarajatlar uchun BHMning bir baravarigacha, kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlikni yopish uchun esa besh baravarigacha yordam ko‘rsatilishi mumkin.

Ko‘mir va boshqa yoqilg‘i xarajatlari uchun BHMning ikki baravarigacha, gazlashmagan hududlarda esa uch baravarigacha yordam berish mexanizmi nazarda tutilgan.

Avvalroq «Kursiv» isitish va issiq suv tariflari 30 foizga oshirilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek