Klassik shaxmatda katta o‘zgarish: partiyalar vaqti qisqarishi mumkin

eʼlon qilindi
FIDE Bosh assambleyasi klassik shaxmatda vaqt nazoratini qisqartirish bo‘yicha Islandiya shaxmat federatsiyasi taklifini ma’qulladi
Foto: fide.com

FIDE Bosh assambleyasi klassik shaxmatda vaqt nazoratini qisqartirish bo‘yicha Islandiya shaxmat federatsiyasi taklifini qo‘llab-quvvatladi. Biroq yangi qoidalar hali kuchga kirgani yo‘q – ularni FIDE Kengashi tasdiqlashi kerak.

Qanday formatlar taklif qilinmoqda

Taklifga ko‘ra, klassik partiyalarda 60+30 formati, ya’ni har bir o‘yinchiga 60 daqiqa va har yurish uchun 30 soniya qo‘shib boriladigan vaqt nazorati – maxsus ruxsatsiz qo‘llanishi mumkin.

Shuningdek, ayrim turnirlarda 45+30 formatidan foydalanish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda. Bu FIDE Circuit doirasidagi ayrim musobaqalarga ham taalluqli bo‘lishi mumkin.

Kuniga uchta tur o‘tkazish ham taklif qilindi

Islandiya shaxmat federatsiyasi bir kunda uchta tur o‘tkazishga ruxsat berishni ham taklif qilgan. Shu bilan birga, titul va norma beriladigan turnirlar uchun hozirgi cheklov kuniga ko‘pi bilan ikki tur saqlab qolinishi mumkin.

Yakuniy qarorni FIDE Kengashi qabul qiladi

FIDE ta’kidlashicha, Bosh assambleyaning ovozi qoidalarning darhol o‘zgarganini anglatmaydi. Endi aniq vaqt nazorati, qaysi turnirlarda qo‘llanishi va cheklovlar bo‘yicha qarorlarni FIDE Kengashi ishlab chiqishi va tasdiqlashi kerak. O‘zgarishlarning maqsadi klassik turnirlarni qisqaroq muddatda o‘tkazish va tashkilotchilar xarajatlarini kamaytirishdan iborat.

Avvalroq «Kursiv» Ispaniyada o‘tkazilayotgan shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekistondan 13 nafar shaxmatchi qatnashishi haqida yozgan edi.

Shuningdek