Mirziyoyev Bakudagi tashrifini yakunladi: sammit va qator uchrashuvlar o‘tkazildi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning (CICA) yettinchi sammitida ishtirok etdi
Foto: prezident.uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga amaliy tashrifini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi. Tashrif davomida u Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi, shuningdek, Bakuda o‘tkazilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning (CICA) yettinchi sammitida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Mirziyoyev Osiyoda ishonch infratuzilmasini yaratishni taklif qildi

15-oktabr kuni Bokuda bo‘lib o‘tgan sammitda Shavkat Mirziyoyev Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

Shuningdek, u texnologik ishonchni mustahkamlash va sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish bo‘yicha Osiyo tashabbusini taklif etdi. Davlat rahbari iqlim barqarorligi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligini ham ta’kidladi.

Ilhom Aliyev bilan strategik sheriklik muhokama qilindi

Tashrifning birinchi kunida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Tomonlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Qatar, Laos, Kambodja va Vyetnam vakillari bilan uchrashuvlar

Sammit doirasida O‘zbekiston prezidenti bir qator davlatlarning yuqori martabali vakillari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi. Xususan, Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Laos prezidenti Txonglun Sisulit, Kambodja bosh vaziri Xun Manet hamda Vyetnam vitse-prezidenti Vo Txi An Suan bilan muloqot qildi.

Shuningdek, Mirziyoyev sammit doirasida boshqa delegatsiyalar rahbarlari bilan ham suhbatlashdi.

Mirziyoyev Toshkentga qaytdi

Tashrif yakunida O‘zbekiston prezidentini Bokudagi Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda Ozarbayjon bosh vaziri o‘rinbosari Shahin Mustafayev va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi. Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Toshkentga jo‘nab ketdi.

Avvalroq Saida Mirziyoyeva Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashib, unga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy tilaklarini yetkazgandi.

Shuningdek