Energetika, transport va yangi loyihalar: Qatar O‘zbekistonga investitsiyalarni ko‘paytirmoqda

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bakuda Qatar davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashdi. Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish, investitsiyalarni kengaytirish va xalqaro masalalar muhokama qilindi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qatar bilan investitsiyaviy hamkorlik kengaymoqda
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. So‘nggi yillarda oliy darajadagi muloqotlar ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqqani ta’kidlandi.
Ayni paytda Qatar kompaniyalari bilan energetika, kimyo sanoati, oziq-ovqat xavfsizligi, transport va qurilish sohalarida hamkorlik olib borilmoqda. Joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonda Qatar investitsiyalarini o‘zlashtirish hajmi ham sezilarli oshgan.
Tomonlar madaniy-gumanitar aloqalar xalqlar o‘rtasidagi yaqinlikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini ham qayd etdi.
Doha forumida O‘zbekiston delegatsiyasi qatnashadi
Muloqotda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari ham belgilab olindi. Xususan, dekabr oyida o‘tkaziladigan Doha forumida O‘zbekistondan nufuzli delegatsiya ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.
Forum doirasida Hukumatlararo qo‘shma komissiya va Ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishlarini o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv yakunida yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Bakuda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etgani haqida xabar berilgandi.