O‘zbekiston elektr tarmoqlarini yangilash uchun OTBdan $200 mln qarz oladi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston elektr energiyasini taqsimlash tizimini modernizatsiya qilish uchun 200 mln dollar miqdorida qarz ajratadi. Mablag‘lar 60 ta elektr taqsimlash podstansiyasini yangilash, tarmoqlardagi energiya yo‘qotishlarini kamaytirish va elektr ta’minoti ishonchliligini oshirishga yo‘naltiriladi. Bu haqda OTB matbuot xizmati xabar berdi.
60 ta podstansiya modernizatsiya qilinadi
2026-yil 15-oktabr kuni Bangkokda OTB prezidenti Masato Kanda va O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 200 mln dollarlik qarz bitimini imzoladi.
Dastur doirasida O‘zbekiston bo‘ylab muhim ahamiyatga ega 60 ta elektr taqsimlash podstansiyasi rekonstruksiya qilinadi va yangilanadi. Shuningdek, elektr tarmoqlarini boshqarishni takomillashtirish uchun raqamli tizimlar joriy etiladi.
OTB prezidenti Masato Kandaning ta’kidlashicha, elektr tarmoqlarini mustahkamlash aholi, korxonalar va davlat muassasalarini ishonchli elektr ta’minoti bilan qamrab olishga yordam beradi. Bu, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olinadigan elektr energiyasini tarmoqqa ko‘proq uzatish imkonini beradi.
3,3 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya quvvati tarmoqqa ulanadi
O‘zbekiston iqtisodiyoti va shaharlari kengayib, elektr energiyasiga talab ortib bormoqda. Eskirgan infratuzilma, tarmoqlardagi yo‘qotishlar va transformatorlarga tushayotgan ortiqcha yuklama elektr ta’minotining barqarorligiga ta’sir qilayotir.
Dastur natijasida elektr energiyasi yo‘qotishlari va transformatorlarga tushadigan yuklama kamayishi, ta’minot ishonchliligi esa oshishi kutilmoqda. Shuningdek, loyiha kamida 3,3 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya quvvatini elektr tarmoqlariga ulash imkonini yaratadi.
OTB hisob-kitoblariga ko‘ra, dastur issiqxona gazlari chiqindilarini yiliga qariyb 23 ming tonna karbonat angidrid ekvivalentiga kamaytirishga ham xizmat qiladi.
Jahon banki yana $100 mln ajratishi mumkin
Mazkur loyiha OTB va Jahon bankining o‘zaro to‘liq ishonch mexanizmi doirasida amalga oshiriladigan OTBning energetika sohasidagi ilk dasturi hisoblanadi. Shuningdek, u O‘zbekiston energetika sohasida natijalarga asoslangan qarz moliyalashtirish mexanizmi asosida amalga oshiriladigan birinchi dasturdir.
OTB ma’lumotiga ko‘ra, Jahon banki rahbariyati 2026-yil oktabr oyi oxirigacha loyiha uchun qo‘shimcha 100 mln dollar ajratish taklifini Direktorlar kengashiga taqdim etishi kutilmoqda. Bu mablag‘ tasdiqlansa, loyihaning umumiy moliyalashtirish hajmi 300 mln dollarga yetishi mumkin.
OTB 2010-yildan buyon O‘zbekiston energetika sohasiga 3,4 mlrd dollardan ortiq moliyalashtirish va kafolatlar taqdim etgan. Yangi dastur, shuningdek, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish va energiya samaradorligini oshirish maqsadlariga xizmat qiladi.
Avvalroq O‘zbekistonning jami tashqi qarzi 2026-yilning birinchi yarmida 1,9 mlrd dollarga oshib, 84,1 mlrd dollarga yetgani haqida xabar berilgandi.