Qahramonjon Olimov Interpol qidiruv ro‘yxatidan chiqarildi

Anorbank aksiyadorlaridan biri Qahramonjon Olimov Interpol saytida xalqaro qidiruvdagi shaxslarning ochiq ro‘yxatidan olib tashlandi. Avvalroq unga nisbatan «qizil bildirishnoma» – Red Notice e’lon qilingani haqida xabar berilgan edi.
Nima bo‘lgan edi
Avvalroq 24-sentabr kuni Olimovga nisbatan qidiruv e’lon qilingandi. Unga ko‘ra, 18-sentabr kuni The Insider Olimov O‘zbekistonda odam o‘g‘irlash bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida sirtdan hibsga olingani va xalqaro qidiruvga berilgani haqida yozgan. Nashr bu ma’lumotni Olimovning atrofidagi manbaga tayangan holda tarqatgan. O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ish tafsilotlari rasman e’lon qilinmagan.
The Insider manbasining versiyasiga ko‘ra, ish Olimovning sobiq ish beruvchisi va Kapitalbank asoschisi Botir Rahimov bilan uzoq davom etgan moliyaviy nizoga aloqador bo‘lishi mumkin. Nashr Olimov Rahimovni o‘ziga nisbatan moliyaviy da’volardan voz kechishga majburlash maqsadida uning o‘g‘irlab ketilishini tashkil etganlikda gumon qilinayotgani haqida yozgan. Bu ma’lumotlar O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan rasman tasdiqlanmagan.
Olimov Anorbank’ning 49,4 foiz aksiyasiga ega
Ochiq davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Qahramonjon Olimov Anorbank kuzatuv kengashi a’zosi bo‘lib, bank aksiyalarining 49,4 foiziga egalik qiladi. Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Bekamin B.V. kompaniyasining ulushi 50 foiz, «Kapital Sug‘urta» AJniki esa 0,6 foizni tashkil etadi.
Anorbankning rasmiy saytida Olimov kuzatuv kengashi a’zosi sifatida ko‘rsatilgan.
Bank avvalroq tarqalayotgan ma’lumotlar uning aksiyadorlaridan birining shaxsiy ishlariga taalluqli ekanini va Anorbankning kapitali, boshqaruvi yoki operatsion faoliyatiga aloqasi yo‘qligini bildirgan.
Fitch Anorbank reytingini pasaytirdi
Mazkur voqealar fonida Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Anorbank’ning xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli reytinglarini CCC+ darajasidan CCC darajasigacha pasaytirgandi. Fitch bahosiga ko‘ra, reyting pasayishining asosiy omillaridan biri bankning asosiy aksiyadori Qahramonjon Olimov bilan bog‘liq vaziyat bo‘lgan.
Agentlik Olimovning yaqinda Interpol yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro qidiruvga berilgani haqidagi holat bank atrofidagi noaniqlikni kuchaytirganini qayd etdi. Fitch fikricha, bu vaziyat kapital jalb qilish rejalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va bankning avval belgilangan moliyaviy ko‘rsatkichlarga erishishini qiyinlashtirishi mumkin.