Sovuqlik — quyosh hisobiga: quyosh stansiyasi sovutgich majmualarida o‘zini qanday oqlamoqda

Minus 15–18 daraja haroratni kechayu kunduz, yil davomida saqlab turish — katta xarajat talab qiladi, ayniqsa, yoz oylarida Toshkentda havo harorati +40 °C dan oshib ketadigan paytlarda. Sanoat sovutgich majmualarida elektr energiyasi asosiy xarajat moddalaridan biridir.
SABR AGRO INVEST PLUS oilaviy korxonasi bu masalani quyosh elektr stansiyasini o‘rnatish orqali hal qildi. 2024-yil kuzida sovutgich majmuasi tomida quvvati 402 kVt, qiymati 1,72 mlrd so‘mga teng bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi. Korxona taqdim etgan ma’lumotlarga asosan, o‘z elektr energiyasini ishlab chiqarish va ortiqcha energiyani tarmoqqa sotish yiliga qariyb 600 mln so‘m iqtisodiy samara beradi, loyihaning rejadagi o‘zini oqlash muddati esa taxminan uch yilni tashkil etadi.
Quyosh elektr stansiyasini sovitish biznesida ikki yil davomida ishlatish tajribasi va natijalari haqida SABR AGRO INVEST PLUS direktori Jamoliddin Adilov so‘zlab berdi.
Nega sovutgichga quyosh kerak bo‘ldi
SABR AGRO INVEST PLUS’ning asosiy faoliyati – omborxona xizmatlarini ko‘rsatish. Omborlarning umumiy maydoni qariyb 4,2 ming kv. metrni tashkil etadi. Shundan taxminan 1,8 ming kv. metri sovutish va muzlatish kameralariga to‘g‘ri keladi.
Dastlab past haroratli muzlatish va oddiy sovutish maydonlari deyarli teng taqsimlangan edi. Biroq muzlatilgan holda saqlashga talab yuqoriroq bo‘lib chiqdi: hozirgi kunda qariyb 1,2 ming kv. metr maydonli kameralar minus 15–18 °C haroratda, yana 600 kv. metrli kameralar esa 0 dan +5 °C gacha bo‘lgan haroratda ishlatiladi. Korxona muzlatish kameralari maydonini 1,5 ming kv. metrgacha oshirishni rejalashtirmoqda.

Muzlatish kameralarining qariyb 800 kv. metri gilos, malina, olma va boshqa turdagi muzlatilgan meva va rezavorlarnisaqlash uchun ijaraga berilgan. Ushbu kameralarni O‘zbekistondagi eng yirik qandolat (tort va pishiriqlar sektoridagi) kompaniyalaridan biri — Safia brendi bilan tanilgan Safia Cafe & Bakery korxonasiijaraga olgan. Sovutgich majmuasi xodimlarining vazifasi esa yil faslidan qat’i nazar zarur haroratni saqlab turish va muzlatgich uskunalarining uzluksiz ishlashini ta’minlab berishdir.
Yaqinda korxona shok usulida muzlatish uchun qo‘shimcha uskunalar ham o‘rnatib, ularni ishga tushirdi. Agar avval mahsulot majmuaga muzlatilgan holda keltirilgan bo‘lsa, endi kompaniya sarhil meva va rezavorlarni qabul qilib, ularni muzlatishi va keyin uzoq muddatli saqlashga joylashtirishi mumkin.
Jamoliddin Adilovning so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasi ushbu biznesning umumiy xarajatlarida taxminan 30–40% ulushga ega:
«Quyosh panellarini o‘rnatishdan asosiy maqsad elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirish edi. Bu bizning biznesimizda asosiy xarajat moddalaridan biridir», — deydi korxona direktori.

Tomdagi QES
Quyosh elektr stansiyasi umumiy loyiha quvvati 402 kVt bo‘lgan 756 ta quyosh panelidan iborat. Bu akkumulyatorlarsiz, umumiy elektr tarmog‘iga ulangan – on-grid tizim.
Uning ishlash tamoyili oddiy. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi avvalo korxonaning ichki elektr tarmog‘iga uzatiladi va sovitish uskunalari tomonidan iste’mol qilinadi. Agar muayyan paytda generatsiya iste’moldan yuqori bo‘lsa, ortiqcha elektr energiyasi avtomatik ravishda umumiy elektr tarmog‘iga uzatiladi. Sutkaning qorong‘i soatlarida va quyosh generatsiyasi yetarli bo‘lmagan vaqtlarda esa mazkur korxona elektr energiyasini tarmoqdan sotib oladi.
Stansiya loyihasini ishlab chiqishdan oldin uni loyihalagan va montaj qilgan Solar Nature kompaniyasi mutaxassislari sovutgich majmuasining sutkaning har soatidagi va mavsumiy elektr iste’molini, uskunalar quvvatini hamda panellarni joylashtirish mumkin bo‘lgan maydonni o‘rganib chiqdi.
Solar Nature kompaniyasi tijorat direktori Ismoil Asrolxo‘jayevning aytishicha, dastlab QESning hisoblangan quvvati yuqoriroq bo‘lgan.
Biroq loyihani ombor binolari tomining maydoni va konstruktiv imkoniyatlariga, shuningdek, qurilish va seysmik xavfsizlik talablariga moslashtirishga to‘g‘ri kelgan. Natijada tomga aynan shuncha panel joylashtirish imkoni bo‘lgan.
Quyosh panellarini tomga o‘rnatish korxona uchun generatsiya samaradorligi nuqtai nazaridan ham maqbul yechim bo‘ldi. Majmua shaharning sanoat hududida joylashgan, atrofda boshqa binolar va baland daraxtlar bor. Panellarni tomga o‘rnatish sezilarli soya tushishining oldini olish va ayni vaqtda qo‘shimcha yer maydonini band qilmasdan mavjud tom maydonidan foydalanish imkonini berdi.

Quyosh stansiyasi sovitish biznesiga qanday yordam bermoqda
Yilning issiq va jazirama oylarida, sovitish kameralari uskunalariga eng ko‘p elektr energiyasi kerak bo‘lgan paytda, quyosh stansiyasi ham eng ko‘p energiya ishlab chiqaradi.
Iyul oyida korxona qariyb 120 MVt·soat, avgustda esa 126 MVt·soat elektr energiyasi iste’mol qiladi. Xuddi shu oylarda quyosh stansiyasi 70–80 MVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Qishda esa, Jamoliddin Adilovning aytishicha, korxonaning elektr iste’moli 2,5-3 barobarga kamayadi. Kunning qisqarishi va nisbatan ko‘p hollardagi bulutli ob-havo tufayli quyosh stansiyasining elektr energiyasi ishlab chiqarishi ham pasayadi.
Mavsumiy sikllarning bunday mos kelishi sovitish biznesi uchun manfaatlidir: yoz oylarida, elektr energiyasi xarajatlari eng yuqori bo‘lgan paytda, quyosh stansiyasi ham eng ko‘p energiya ishlab chiqaradi.

Sovutgichlar uchun quyosh
2025-yilda sovutgich majmuasi qariyb 824 MVt·soat elektr energiyasi iste’mol qildi, quyosh stansiyasi esa 572 MVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqardi va bu ko‘rsatkich korxonaning yillik elektr iste’molining qariyb 70 foiziga teng.
Biroq, korxona ishlab chiqarilgan quyosh energiyasining hammasini ham o‘z vaqtida iste’mol qila olmaydi va uning bir qismini umumiy tarmoqqa uzatadi. Ushbu korxona ma’lumotlariga ko‘ra, quyosh generatsiyasining o‘rtacha 75–80 foizi korxonaning o‘z ehtiyojlari uchun sarflanadi. Shunday qilib, quyosh stansiyasi mazkur korxonaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining taxminan yarmini qoplamoqda.
Amaldagi ulush korxonadagi elektr energiyasi yuklamasiga bog‘liq. Sovitish uskunalari faol ishlaydigan davrlarda elektr iste’moli ortadi, yuklama kamayganda esa quyosh energiyasining kattaroq qismi umumiy tarmoqqa uzatiladi.
Iqtisodiy samara
Quyosh elektr stansiyasi loyihasining qiymati 1,72 mlrd so‘mni tashkil etdi. Korxona hisob-kitoblariga ko‘ra, QESning umumiy iqtisodiy samarasi yiliga qariyb 600 mln so‘mni tashkil qiladi. Bu samara ikki qismdan shakllanadi. Birinchisi, korxona o‘zi ishlab chiqaradigan va o‘zi iste’mol qiladigan (ayni paytda tarmoqdan sotib olinmaydigan) elektr energiyasining qiymati bo‘lsa, ikkinchisi esa ortiqcha generatsiyani sotishdan olinadigan daromad.
Yilning mavsumi va oylariga qarab, korxona tarmoqqa uzatilgan elektr energiyasi uchun taxminan 10–20 mln so‘m daromad oladi.
Ushbu ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, quyosh elektr stansiyasining rejadagi o‘zini oqlash muddati taxminan 2,5-3 yilni tashkil etadi. Shu bilan birga, korxona o‘z oldiga elektr energiyasini ishlab chiqaruvchiga aylanish maqsadini qo‘ymagan. Ortiqcha energiyani sotish — loyiha iqtisodiyotining qo‘shimcha elementidir. Asosiy samara – sovitish biznesida elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirish hisobiga shakllanadi.

Akkumulyatorlarsiz QES
Sovitish uskunalari sutkasiga 24 soat ishlaydi. Shu sababli birinchi qarashda quyosh elektr energiyasini to‘plab, uni sutkaning qorong‘i soatlarida ishlatish mantiqiy yechimdek ko‘rinishi mumkin. Biroq korxona QESni loyihalashda akkumulyatorlardan voz kechdi. Bunday ko‘lamdagi obyekt uchun yirik quvvatli energiya saqlash tizimi talab etilar edi. Bu esa loyiha qiymatini ancha oshirib, uning o‘zini oqlash muddatini uzaytirgan bo‘lardi.
Bundan tashqari, korxonada umumiy elektr tarmog‘i orqali ta’minot bilan bog‘liq jiddiy muammolar yo‘q. Qisqa muddatli uzilishlarda esa elektr ta’minotini korxonadagi mavjud dizel generatori ta’minlaydi.
«Quyosh stansiyasi tezroq real iqtisodiy samara bera boshlashi uchun uning o‘zini oqlash muddatini imkon darajada qisqartirishimiz kerak edi», – deydi Jamoliddin Adilov.
Solar Nature mutaxassislari ham shu xulosaga keldi: korxonada umumiy elektr tarmog‘i orqali ta’minot bilan bog‘liq jiddiy muammolar yo‘qligi, elektr energiyasiga yil davomidagi doimiy ehtiyoj va ortiqcha elektr energiyasini sotish imkoniyatini hisobga olganda, akkumulyatorlarsiz on-grid tizim ushbu obyekt uchun iqtisodiy jihatdan eng maqbul variant bo‘lgan.

Qariyb 500 tonna CO₂ emissiyasining oldi olindi
Loyiha nafaqat moliyaviy, balki ekologik samara ham bermoqda. FAO/YETTBning «O‘zbekiston meva-sabzavot sektorida qiymat zanjirini yashillashtirish» loyihasi doirasida amalga oshirilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, korxonaning o‘z quyosh elektr energiyasidan foydalanishi ikki yil davomida – quyosh stansiyasi 2024-yil kuzida ishga tushirilganidan hozirgi vaqtga qadar – tarmoq elektr energiyasini iste’mol qilish bilan bog‘liq taxminan 450–500 tonna CO₂ emissiyasining oldini olish imkonini berdi. Ushbu hisob-kitob korxonaning quyosh elektr energiyasi generatsiyasi va uni o‘z ehtiyojlari uchun iste’mol qilish bo‘yicha ma’lumotlariga asoslangan.
Bunda faqat korxona o‘z ehtiyojlari uchun ishlatgan quyosh energiyasi hisobga olindi. Umumiy tarmoqqa sotilgan elektr energiyasi hisobga olinmagan. Shunday qilib, sovuqlik ishlab chiqarish zanjirida o‘z quyosh generatsiyasiga o‘tish bir vaqtning o‘zida ham elektr energiyasi xarajatlarini, ham mahsulotlarni saqlash bilan bog‘liq uglerod izini kamaytiradi.
Bunday loyihalar O‘zbekistonning yangilangan milliy miqyosda belgilangan hissasi — NDC 3.0 da qayd etilgan iqlim ustuvor yo‘nalishlariga mos keladi. Mamlakatimizda 2035-yilga borib YaIMning uglerod sig‘imini, ya’ni YaIM birligiga to‘g‘rikeladigan CO₂ emissiyasi hajmini 2010-yil darajasiga nisbatan 50% ga kamaytirish belgilangan. Ushbu maqsadga erishishning asosiy vositalari qatorida energiya samaradorligini oshirish vaqayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish ko‘rsatilgan.
NDC 3.0 ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda milliy issiqxona gazlari tashlanmalarining qariyb 64% i energetika sektori hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shu sababli korxonalarning qazib olinadigan yoqilg‘ilar hisobiga ishlab chiqariladigan tarmoq elektr energiyasidan o‘z quyosh generatsiyasiga o‘tishi iqtisodiyotning uglerod sig‘imini kamaytirishga hissa qo‘shadi.
Murakkab texnik xizmat talab etilmadi
Jamoliddin Adilovning aytishicha, quyosh stansiyasini ishlatish uchun alohida shtatdagi mutaxassis talab etilmagan. Uning ishlashini korxonada yarim stavkada ishlaydigan va sovutgich majmuasining butun elektr xo‘jaligi, jumladan quyosh stansiyasi uchun ham mas’ul bo‘lgan elektrik nazorat qiladi. Buning uchun mutaxassisning har kuni doimiy ravishda obyektda bo‘lishi shart emas.
Bundan tashqari, QESning asosiy ish ko‘rsatkichlarini mobil ilova orqali kuzatish mumkin: joriy generatsiya, korxonaning umumiy elektr iste’moli va tarmoqqa uzatilayotgan elektr energiyasi hajmi.
Ushbu quyosh stansiyasini o‘rnatgan kompaniya unga texnik xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi. Korxonaning o‘zida muntazam bajariladigan asosiy ish – quyosh panellari yuzasini tozalash. Majmua sanoat hududida joylashgani va bu yerda chang miqdori yuqoriroq bo‘lgani uchun panellar mavsumga qarab o‘rtacha har ikki-to‘rt haftada tozalanadi.

Solar Nature kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rnatilgan quyosh panellarining rejadagi degradatsiyasi uni ekspluatatsiyasining birinchi yilida 2 foizgacha, keyingi yillarda esa yiliga qariyb 0,4 foizni tashkil etadi. Panel ishlab chiqaruvchisining panellarga kafolati 12 yil, kutilayotgan xizmat muddati esa qariyb 25 yil. Invertorlarga zavod kafolati 5 yil, ularning taxminiy xizmat muddati esa 10 – 15 yil.
«Biz yetkazib beruvchi va montaj qiluvchi kompaniya sifatida quyosh elektr stansiyasining barcha tarkibiy qismlariga korxona bilan tuzilgan texnik xizmat ko‘rsatish shartnomasi shartlariga qarab besh yilgacha kafolat beramiz», – deydi Solar Naturetijorat direktori Ismoil Asrolxo‘jayev.

Sovuqlikni ham saqlash, energiyani ham ishlab chiqarish
Quyosh elektr stansiyasi sovutgich majmuasining energiya sarfini kamaytirishning yagona usuli emas. Sovitish va muzlatish kameralarining devorlari, tomi va poli poliuretan izolyatsiyasi qo‘llangan holda qurilgan. Bu izolyatsiya tashqaridan issiqlik kirib kelishini kamaytiradi va kameralar ichida zarur haroratni uzoqroq saqlab turishga yordam beradi. Ushbu kameralar polining konstruksiyasida izolyatsiya qatlami beton qatlamlari orasiga joylashtirilgan.
Bunday konstruksiya tufayli kameralar sovuqlikni yaxshi saqlaydi: agar eshiklar ochilmasa, elektr energiyasi o‘chgan taqdirda ham zarur harorat ikki-uch sutka davomida saqlanishi mumkin.
Sovitish biznesi iqtisodiyoti uchun bu prinsipial ahamiyatga ega: quyosh stansiyasi energiya xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi, ammo ayni paytda energiyaga bo‘lgan ehtiyojning o‘zini ham kamaytirish zarur.
Soliq imtiyozlari
Yana bir iqtisodiy rag‘bat – soliq imtiyozlari bo‘ldi. Korxona quyosh elektr stansiyasi bo‘yicha mol-mulk solig‘idan ozod qilingan va yer solig‘i bo‘yicha ham imtiyoz olgan.
SABR AGRO INVEST PLUS hududining umumiy maydoni qariyb 22 ming kv. metrni tashkil etadi. Korxona rahbarining tushuntirishicha, mazkur imtiyoz rasmiylashtirilgandan keyin yer solig‘i taxminan 18 ming kv. metr maydon uchun hisoblanmoqda – quyosh panellari o‘rnatilgan ombor binolari egallagan qariyb 4 ming kv. metr maydon esa bu hisobdan chiqarib tashlangan.
Hozircha imtiyoz uch yilga rasmiylashtirilgan. Korxona uni ushbu quvvatdagi qurilmalar uchun nazarda tutilgan o‘n yillik muddatga, ya’ni QES 2024-yil kuzida ishga tushirilganini hisobga olgan holda 2034-yilgacha uzaytirishni rejalashtirmoqda.
Keyingi sovutgich ham quyosh panellari bilan bo‘ladi
Quyosh stansiyasini ikki yil davomida ishlatishning eng asosiy natijalaridan biri – korxonaning bu tajribani takrorlashga qaror qilganidir. SABR AGRO INVEST PLUS korxonasi hozirda umumiy maydoni qariyb 1,8 ming kv. metr bo‘lgan yana bir yirik sovutish va muzlatish kameralari blokini qurmoqda. Uning katta qismini minus 15–18 °C haroratli kameralar tashkil etadi.
Yangi kameralar ishga tushirilgach, korxonaning elektr iste’moli ham ortadi. Shu sababli hozir birinchi QES tomonidan umumiy tarmoqqa uzatilayotgan ortiqcha elektr energiyasining bir qismini majmua ichida ishlatish mumkin bo‘ladi. Kompaniya yangi bino tomida quvvati kamida 300 kVt bo‘lgan yana bir quyosh elektr stansiyasini o‘rnatishni rejalashtirmoqda.
SABR AGRO INVEST PLUS tajribasi shuni ko‘rsatadiki, biznesning «yashil» energetikaga o‘tishi har doim ham ekologik motivatsiyadan boshlanmaydi. Bu holatda boshlang‘ich nuqta mutlaqo pragmatik vazifa — xarajatlarni kamaytirish edi, CO₂ emissiyasining qisqarishi esa mazkur investitsiyaning qo‘shimcha samarasiga bo‘ldi.
Aynan shunday afzalliklar zanjiri — elektr energiyasi xarajatlarini va elektr tarmoqlariga yuklamani kamaytirish, ayni paytda CO₂ emissiyasini ham kamaytirish — quyosh energetikasini ushbu sohadagi boshqa korxonalar uchun ham maqbul yechimga aylantirishi mumkin.
Mazkur maqola uchun ma’lumotlar FAO/YETTBning «O‘zbekiston meva-sabzavot sektorida qiymat zanjirini yashillashtirish / Greening the Horticultural Value Chain» loyihasidan olindi.