Taksi narxlari nega oshdi — Raqobat qo‘mitasi o‘rganish boshladi

eʼlon qilindi
Raqobat qo‘mitasi taksi narxlarining keskin oshishi, haydovchilar bilan bog'liq muammolar yuzasidan o‘rganish boshladi
Taksi
Foto: Depositphotos

Raqobat qo‘mitasi taksi agregatorlarida xizmat narxlarining keskin oshishi, haydovchilar bilan hisob-kitoblar va insofsiz raqobat alomatlari yuzasidan o‘rganish boshlanganini ma’lum qildi. So‘nggi kunlarda yirik taksi agregatorlarida kuzatilgan texnik nosozliklar fonida boshqa xizmatlarda ham tig‘iz vaqtlarda taksi narxlari bir necha barobargacha oshgani jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgan.

Narxlarning oshishi tekshiriladi

Qo‘mita taksi xizmatlari narxlarining oshirilishi qanchalik asosli ekanini hamda agregatorlar raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya qilayotganini o‘rganmoqda. Xususan, agregatorlardan narxlarni shakllantiruvchi algoritm sozlamalarini qayta ko‘rib chiqish va tariflarning keskin hamda sun’iy oshishiga yo‘l qo‘ymaslik talab qilindi.

Haydovchilar bilan bog‘liq muammolar ham ko‘rib chiqiladi

Qo‘mita haydovchilarning mablag‘larini hisoblariga o‘tkazishda yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish, asossiz bloklangan haydovchilarni qayta faollashtirish hamda bajarilgan buyurtmalar uchun ko‘zda tutilgan bonuslarni qayta hisoblab, to‘lab berish choralarini ko‘rishni so‘radi. Shuningdek, agregatorlarga haydovchilar va mijozlar uchun 24 soat ishlaydigan texnik yordam markazlari faoliyatini uzluksiz ta’minlash topshirildi.

Qonunbuzilish aniqlansa, tekshiruv o‘tkaziladi

Raqobat qo‘mitasi o‘rganish yakunida raqobat qonunchiligi buzilgani yoki iste’molchilar huquqlari poymol qilingani aniqlansa, belgilangan tartibda tekshiruv o‘tkazilib, tegishli choralar ko‘rilishini bildirdi.

Avvalroq «Kursiv» Toshkentdagi taksi ilovalari: narxlar, tariflar va imkoniyatlar tahlil qilgan edi.

Shuningdek