Bank tariflari o‘zgarsa, mijozlar oldindan ogohlantirilishi kerak

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Tarif nega o‘zgarganini tushuntirish majburiy emas
Bank tariflari o‘zgarsa, mijozlar oldindan ogohlantirilishi kerak
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda bank va boshqa moliyaviy xizmatlar tariflari o‘zgartirilsa, mijozlar bu haqda kamida 14 kun oldin xabardor qilinishi kerak. Bu haqda Markaziy bankda moliyaviy xizmatlardagi komissiyalarga bag‘ishlangan davra suhbatida ma’lum qilindi.

Markaziy bank vakilining tushuntirishicha, amaldagi tartib tariflar o‘zgarganda mijozlarni 14 kun oldin ogohlantirishni nazarda tutadi. Bu talab tarifning oshirilishi yoki kamaytirilishidan qat’iy nazar amal qiladi.

«Tariflar o‘zgarsa, 14 kun oldin xabar beriladi. Ayrim davlatlarda esa bir yoki ikki oy oldin ogohlantiriladi», – deyiladi davra suhbatidagi izohda.

Tarif nega o‘zgarganini tushuntirish majburiy emas

Shu bilan birga, moliya tashkilotidan tarif nima sababdan oshirilgani yoki kamaytirilganini mijozga alohida tushuntirish talab etilmaydi.

Ya’ni tashkilot tarifni o‘zgartirish haqida oldindan xabar berishi kerak, biroq buning iqtisodiy asoslarini mijozga ochiqlash majburiyati hozircha yo‘q.

Davra suhbatida aynan shu masala muhokama qilinib, aholiga komissiyalar nima uchun olinayotgani ham yetarli tushuntirilmayotgani qayd etildi.

Uzcard banklarni bir oy oldin xabardor qiladi

Uzcard vakilining aytishicha, kompaniya tariflarni qayta ko‘rib chiqishda banklar bilan xizmat tannarxi va boshqa xarajatlarni muhokama qiladi. Kompaniya tariflar oshirilishidan bir oy oldin tegishli ma’lumotni e’lon qilishini bildirdi.

Uzcard, shuningdek, P2P kabi tranzaksion tariflar so‘nggi 14 yil davomida o‘zgartirilmaganini, 2024-yil oxiri va 2025-yil boshida esa ayrim qo‘shimcha xizmatlar tariflari qayta ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi.

Humo ikki oy oldin ogohlantirishini aytdi

Humo vakili yangi tariflar joriy etilishidan tijorat banklari 60 kun oldin xabardor qilinishini bildirdi.

Kompaniya vakiliga ko‘ra, bozorda yangi xizmat va mahsulotlar paydo bo‘lishi bilan ular uchun alohida tariflarning joriy etilishi tabiiy jarayon hisoblanadi.

Komissiya nima uchun olinayotgani ham tushuntirilishi mumkin

Markaziy bankdagi muhokamada mijozlar ko‘pincha pul o‘tkazmasi, naqd pul yechish yoki boshqa xizmat uchun nima sababdan 0,5%, 1% yoki boshqa miqdorda komissiya to‘layotganini bilmasligi ham ko‘tarildi.

Shuningdek, unda bank va to‘lov tashkilotlari mijozga faqat komissiya miqdorini ko‘rsatish bilan cheklanmay, uning nima uchun olinayotganini ham tushuntirishi kerakligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Click asoschisi va rahbari Ulug‘bek Rustamov Markaziy bankning banklar va to‘lov tashkilotlari tariflarini to‘g‘ridan to‘g‘ri belgilashiga qarshi ekanini bildirgandi. Rustamov bozorda ayrim banklar P2P o‘tkazmalarini bepul yoki past tarifda taklif qilayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, bu xizmatlarning tannarxi yo‘q degani emas – bank ayrim hollarda ushbu xarajatni boshqa daromadlari hisobidan qoplaydi.

Shuningdek