Dollar nega oshmoqda — iqtisodchi izohi

AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi ketma-ket to‘qqiz savdo sessiyasida 2 foizdan ko‘proqqa oshib, 12 011,65 so‘mga yetdi. Shu tariqa so‘m kursi yil boshidagi nominal darajasiga yaqinlashdi. Sentabr oyida esa dollar 11 765,21 so‘mgacha tushgan edi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev kursdagi so‘nggi o‘zgarishlarni, avvalo, so‘mning moslashuvchanligi oshgani bilan izohladi.
«So‘m kursi ichki va tashqi omillarga, makroiqtisodiy jarayonlarga — eksport va import dinamikasi, investitsion oqimlar hamda kredit kanallariga nisbatan moslashish funksiyasini yaxshi bajarmoqda», – dedi u.
Uning fikricha, dollar kursining oshishiga bir nechta omil bir vaqtning o‘zida ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin.
Qarz to‘lovlari dollarga talabni oshirgan bo‘lishi mumkin
Xolboyev uchinchi chorak yakunida hukumat yoki xususiy sektorning tashqi qarz va boshqa majburiyatlar bo‘yicha bir martalik to‘lovlari valyuta bozorida dollarga talabni qisqa muddatga oshirgan bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
Bu holat so‘mning dollarga nisbatan zaiflashishiga omillardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda.
Oltin eksportining kamayishi ham ta’sir qilishi mumkin
Iqtisodchiga ko‘ra, may oyidan boshlab so‘mning real kursi mustahkamlangan. Shu sababli Markaziy bank mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozordagi raqobatbardoshligi pasayib ketishining oldini olish uchun valyuta bozoridagi ayrim operatsiyalarni cheklayotgan bo‘lishi mumkin.
«Joriy yilda mamlakatimiz o‘tgan yildagiga nisbatan sezilarli kam oltin eksport qildi. Bu Markaziy bankning valyuta orqali sterilizatsiya imkoniyatlari oldingi yilga nisbatan kamroq ekanini ko‘rsatadi», – dedi Xolboyev.
Pul o‘tkazmalari mavsumiy kamaymoqda
Yana bir omil sifatida xorijdan pul o‘tkazmalarining mavsumiy pasayishi ko‘rsatilgan.
Yoz mavsumi yakunlanishi bilan pul o‘tkazmalari hajmi odatda pasaya boshlaydi. Bu esa mamlakatga xorijiy valyuta kirimini kamaytirib, boshqa omillar bilan birga so‘m kursiga bosim qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dollar valyutasining kelajagi qandayligi bo‘yicha ekspert sharhi berilgandi. Iqtisodchi, iqtisod fanlari doktori To‘lqin Boboqulov Kursiv Uzbekistan’ga AQSh dollarining yaqin 3 – 5 yildagi istiqboli, uning jahon moliya tizimidagi mavqeyi hamda so‘mning dollarga nisbatan kelajakdagi dinamikasiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan omillar haqida fikr bildirdi.