Forishda AES uchun maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi

Jizzax viloyatining Forish tumanida qurilayotgan atom elektr stansiyasi uchun zarur mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, energetika loyihalarida mahalliy mahsulot va xizmatlardan foydalanish hajmini sezilarli darajada oshirish imkoniyati mavjud.
China Energy loyihalarida mahalliy mahsulot ulushi 40 foizga yaqinlashdi
Xitoyning China Energy kompaniyasi qurayotgan sakkizta energiya saqlash stansiyasida qariyb 40 foiz mahalliy mahsulotlardan foydalanildi.
Mahalliy mahsulotlarning umumiy qiymati qariyb $200 mlnni tashkil etdi.
O‘tgan yili esa energetika sohasidagi barcha investitsiya loyihalarida foydalanilgan mahalliy tovar va xizmatlar qiymati $740 mlnga yetgan.
Mahalliylashtirish hajmini 3-4 barobar oshirish mumkin
Prezident ushbu ko‘rsatkichni 3-4 barobar oshirish imkoniyati borligini ta’kidladi.
Buning uchun Sanoat kooperatsiyasi agentligi va tegishli mahalliy uyushmalar investorlar uchun zarur mahsulotlarning sifati va hajmini aniqlaydi hamda ularni yetkazib berish bo‘yicha mahalliy korxonalar bilan ishlaydi.
$850 mlnlik 12 ta loyiha tayyorlangan
Hozirda yuqori kuchlanishli uskunalar, energiya saqlash tizimlarining boshqaruv modullari va shamol generatorlari uchun butlovchi qismlar katta hajmda import qilinmoqda.
Mazkur mahsulotlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun umumiy qiymati $850 mln bo‘lgan 12 ta istiqbolli loyiha tayyorlangan.
Maxsus zona soliq va bojxona imtiyozlariga ega bo‘ladi
Forish tumanida atom elektr stansiyasi ehtiyojlari uchun yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi.
Mazkur hududda faoliyat yuritadigan korxonalar uchun soliq va bojxona imtiyozlari berilishi ko‘zda tutilgan. Prezident investorlarni ushbu loyihalarda ham faol hamkorlik qilishga chaqirdi.
Avvalroq «Kursiv» energetika sohasiga 35 mlrd dollar investitsiya kiritilgani haqida yozgan edi.