Fransiyada mikroavtobus va yuk poyezdi to‘qnashdi

eʼlon qilindi
La-Mansh tunneli yaqinida sodir bo‘lgan hodisada 19 kishi jarohatlandi, ulardan ikki nafari og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazildi
Fransiyada mikroavtobus va yuk poyezdi to‘qnashdi
Foto: Sameer Al-Doumy/AFP

Fransiyaning shimolida La-Mansh tunneli kirish qismi yaqinida mikroavtobus harakatsiz turgan yuk poyezdi bilan to‘qnashdi. Hodisa oqibatida haydovchi va 18 nafar yo‘lovchi jarohatlandi, deb xabar berdi DW.

Mahalliy ma’muriyat ma’lumotiga ko‘ra, ikki kishi, jumladan, mikroavtobus haydovchisi og‘ir jarohat olgan va vertolyotda Lill shahridagi shifoxonaga olib ketilgan. Ularning hayotiga xavf yo‘qligi aytilmoqda.

Mikroavtobus yuk mashinasi haydovchilarini olib ketayotgan edi

Mikroavtobus turli davlat fuqarosi bo‘lgan yuk mashinasi haydovchilarini LeShuttle poyezdiga chiqish joyiga olib ketayotgan bo‘lgan.

LeShuttle avtomobillar va ularning yo‘lovchilarini La-Mansh tunneli orqali tashiydi.

Pas-de-Kale prefekturasi o‘rinbosari Agat Kyuri hodisa sabablarini aniqlash uchun tekshiruv boshlanganini ma’lum qilgan.

Uning aytishicha, Eurotunnel yuklash platformasida bunday hodisa ilk bor yuz bergan.

Eurostar qatnoviga ta’sir qilmagan

Eurostar kompaniyasi hodisa uning poyezdlar qatnoviga ta’sir qilmaganini bildirdi.

Kompaniyaga ko‘ra, voqea La-Mansh tunnelidan bir necha kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan va Eurostar poyezdlari bilan bog‘liq emas.

Parij va London o‘rtasidagi so‘nggi ikki poyezd bekor qilingan, biroq Eurostar buning sababi texnik ishlar ekanini, avariya bilan bog‘liq emasligini qayd etgan.

La-Mansh tunneli 1994-yildan beri ishlaydi

Uzunligi 50 km bo‘lgan La-Mansh tunneli Fransiyaning Kokel va Buyuk Britaniyaning Folkston shaharlarini bog‘laydi.

Tunnel 1994-yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, undan har kuni yuzlab poyezdlar o‘tadi. Uni Getlink kompaniyasi boshqaradi.

Avvalroq «Kursiv» Fransiyada 400 dan ortiq supermarketlar kiberhujumga uchragani haqida yozgan edi.

Shuningdek