Koinotda ilk bor yashil yulduz aniqlandi

eʼlon qilindi
Koinotda pushti yulduz ham bor
Foto: Reuters

Astronomlar ilk bor inson ko‘ziga yashil bo‘lib ko‘rinadigan yulduzni aniqladi. WD J1330+6435 deb nomlangan bu oq mitti Yerdan taxminan 280 yorug‘lik yili uzoqlikda, Ajdarho yulduz turkumida joylashgan. Uning noodatiy rangi atmosferasida to‘plangan sayyoralar qoldiqlari va o‘ta yuqori zichlik bilan bog‘liq. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Yulduz nega yashil rangda tovlanadi

Odatda yulduzlarning rangi ularning haroratiga bog‘liq: nisbatan sovuq yulduzlar to‘q sariq, Quyosh kabi yulduzlar oq, eng issiqlari esa ko‘kimtir ko‘rinadi. Ammo oq mittilarda vaziyat boshqacha bo‘lishi mumkin.

WD J1330+6435 – o‘zining asosiy yoqilg‘isini sarflab, tashqi qatlamlarini yo‘qotgan yulduzdan qolgan zich yadro. Uning atmosferasida kalsiy, litiy va, ayniqsa, natriy mavjud. Olimlarning fikricha, bu elementlar yulduz ilgari atrofida aylangan sayyoralar va boshqa toshli jismlarning qoldiqlarini o‘ziga singdirishi natijasida to‘plangan.

Yulduz atmosferasining nihoyatda yuqori zichligi natriy atomlarining yorug‘likni yutish xususiyatini o‘zgartiradi. Natijada ular sariq, to‘q sariq va qizil rang diapazonidagi yorug‘likning katta qismini yutib, yulduzning yashil tusda ko‘rinishiga sabab bo‘ladi.

Yulduzning rangini teleskopda bevosita ko‘rishmagan

Tadqiqotdagi muhim jihatlardan biri shundaki, olimlar yulduzning rangini oddiy suratga qarab aniqlamagan. Ular yulduz spektrini – undan kelayotgan yorug‘likning turli to‘lqin uzunliklariga qanday taqsimlanishini tahlil qilgan.

Keyin bu ma’lumotlar inson ko‘zi ranglarni qanday qabul qilishini hisobga oluvchi model orqali o‘rganilgan. Sababi, bunday oq mittilar juda uzoqda joylashgan va ularning haqiqiy rangini bevosita ko‘rishning imkoni yo‘q.

Tadqiqot Warwick universiteti olimlari tomonidan olib borilgan va 15-oktabr kuni RAS Techniques and Instruments ilmiy jurnalida chop etilgan.

Koinotda pushti yulduz ham bor

Olimlar faqat yashil yulduzni emas, boshqa noodatiy ranglarda ko‘rinadigan oq mittilarni ham o‘rgangan. Masalan, WD J1011+2845 deb nomlangan yulduz inson ko‘ziga losos rangiga yaqin pushti tusda ko‘rinishi mumkin.

Uning rangiga yulduzning ichki qatlamlaridan yuzaga ko‘tarilgan uglerod ta’sir qiladi. Uglerod molekulalari yorug‘likning turli qismlarini yutib, yulduzning ko‘rinadigan rangini o‘zgartiradi.

Tadqiqotchilar Yerga nisbatan yaqin joylashgan 151 ta oq mittini ham tahlil qilgan. Natijalar bunday yulduzlar faqat oq yoki ko‘kimtir emas, balki pushti, binafsha, sariq va moviy-yashil tuslarda ham ko‘rinishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Avvalroq O‘zbekistonlik ikki astronomning ilmiy faoliyati xalqaro miqyosda e’tirof etilib, ularning nomi kichik sayyoralarga berilgandi.

Shuningdek