O‘zbekiston energetikada Ozarbayjon va Qozog‘iston bilan yangi loyiha qilmoqda

O‘zbekiston energetika infratuzilmasini kengaytirish bilan birga, qo‘shni va hamkor davlatlar bilan xalqaro loyihalarni ham rivojlantirmoqda. Xususan, Ozarbayjon va Qozog‘iston bilan Kaspiy dengizi orqali «yashil» energiyani Yevropaga yetkazish loyihasi amaliy bosqichga o‘tmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev investorlar bilan o‘tkazilgan yoqilg‘i-energetika sohasidagi ochiq muloqotda aytdi.
2030-yilgacha 5 ming kilometr tarmoq quriladi
So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishga $2 mlrddan ziyod mablag‘ yo‘naltirilgan.
2030-yilgacha yana 5 ming kilometr elektr tarmog‘i va 16 ta yirik podstansiya qurish rejalashtirilgan. Energiya saqlash quvvatlarini esa 4,5 gigavattga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Loyihalarning katta qismi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida amalga oshiriladi.
Ustuvorlik kompleks loyihalarga beriladi
Bundan buyon elektr energiyasini ishlab chiqarish, saqlash va tarmoqlarga uzatishni birgalikda qamrab oladigan kompleks loyihalarga ustuvorlik berilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, uzoq muddatli energiya saqlash uchun gidroakkumulyatsiya stansiyalarini qurishda investorlar bilan hamkorlik qilish ko‘zda tutilmoqda.
«Yashil» energiya Yevropaga yetkaziladi
O‘zbekiston Ozarbayjon va Qozog‘iston bilan Kaspiy dengizi orqali «yashil» elektr energiyasini Yevropa bozoriga yetkazish loyihasini amalga oshirmoqda. Mazkur loyiha amaliy bosqichga o‘tayotgani ma’lum qilindi.
O‘zbekiston energetika eksportini faqat ichki va mintaqaviy bozorlar bilan cheklab qolmaslikni rejalashtirmoqda.
Afg‘oniston va Janubiy Osiyo bozorlari ham elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 6 ta quyosh va shamol stansiyasi qurilishi bo‘yicha tanlov e’lon qilinishi haqida xabar berilgandi. Yangi tartibga ko‘ra, loyihalar investorlar taklif qilgan hududlarda emas, balki energetika tizimining ehtiyojlaridan kelib chiqib rejalashtiriladi.