O‘zbekistonda 6 ta quyosh va shamol stansiyasi qurilishi bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi

O‘zbekistonda umumiy quvvati 2 200 megavatt bo‘lgan oltita quyosh va shamol elektr stansiyasi loyihasi ochiq tanlovga chiqariladi. Yangi tartibga ko‘ra, loyihalar investorlar taklif qilgan hududlarda emas, balki energetika tizimining ehtiyojlaridan kelib chiqib rejalashtiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev investorlar bilan o‘tkazilgan yoqilg‘i-energetika sohasidag ochiq muloqotda aytdi.
«Alohida stansiyalar emas, uzviy bog‘langan energetika tizimi kerak»
Dastlab «yashil» energetika quvvatlarini tezroq ishga tushirish maqsadida loyihalar ko‘pincha investorlar taklif qilgan hududlarda joylashtirilgan. Bu katta miqdorda sarmoya jalb etishga yordam bergan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda elektr ishlab chiqarish quvvatlarining ortiqcha to‘planishiga va energiyani boshqa hududlarga uzatish xarajatlarining oshishiga olib kelgan.
«Bizga alohida-alohida elektr stansiyalari emas, uzviy bog‘langan energetika tizimi kerak», – dedi prezident.
Loyihalar ochiq tanlov asosida tanlanadi
Yangi yondashuvga ko‘ra, elektr energiyasiga ehtiyoj va tarmoq imkoniyatlari oldindan hisobga olinadi. Shundan so‘ng tayyor loyihalar ochiq tanlovga chiqariladi.
Har bir loyiha bo‘yicha quyidagi ma’lumotlar oldindan e’lon qilinadi:
- yer maydoni;
- elektr tarmog‘iga ulanish nuqtasi va muddati;
- elektr energiyasini xarid qilish shartlari;
- to‘lov tartibi.
Barcha investorlar uchun teng talablar belgilanishi, shuningdek, to‘lov intizomi va loyihalar bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish mexanizmlari mustahkamlanishi ko‘zda tutilgan.
Investorlar oltita loyihada ishtirok etishi mumkin
Yaqin vaqt ichida umumiy quvvati 2 200 megavatt bo‘lgan oltita quyosh va shamol elektr stansiyasi loyihasi ochiq tanlovga chiqariladi. Prezident investorlarni ushbu tanlovlarda ishtirok etishga taklif qildi.
Yangi tartib elektr ishlab chiqarish quvvatlarini hududlar bo‘yicha muvozanatli joylashtirish, elektr tarmoqlariga tushadigan yuklamani hisobga olish va qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini yagona tizim doirasida rivojlantirishga qaratilgan.
Avvalroq o‘n yil davomida energetika sohasiga 35 mlrd dollar investitsiya kiritilishi haqida xabar berilgandi.