
2026-yil sentabr oyida O‘zbekistonda 34 mingta avtomobil sotildi. Bu avgustga nisbatan 10,1% kam. Bozor yetakchisi Chevrolet bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, brend savdosi bir oyda 14,3% kamayib, 23,9 ming donani tashkil etdi.
Chevrolet’ning eng ko‘p sotilgan modeli Cobalt bo‘lib qoldi. Sentabrda 10,2 mingta Cobalt sotilgan. Avgust oyida bu ko‘rsatkich 12,2 ming dona edi. Shu tariqa model savdosi bir oyda 16,8% kamaydi.
BYD ikkinchi o‘rinda
BYD sentabr oyida 4,5 mingta avtomobil sotib, bozorda ikkinchi o‘rinni egalladi. Brend savdosi avgustga nisbatan 9,5% pasaydi.
BYD modellari orasida Chazor Champion yetakchi bo‘ldi — bir oyda 1,9 ming dona sotildi.
Kia savdosi ham pasaydi
Uchinchi o‘rinni 2,5 mingta avtomobil sotgan Kia egalladi. Brend savdosi avgustga nisbatan 8,2% kamaydi.
Kia savdosining asosiy qismini Sonet modeli tashkil etdi. Sentabrda 2 mingta Sonet sotilgan. Bu Kia umumiy savdosining qariyb 82 foiziga teng.
Sentabr oyida Haval 821 ta, Chery 700 ta, Changan 225 ta, Jetour 222 ta va Li Auto 216 ta avtomobil sotgan. Umuman, sentabrda avtomobil savdosi o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan ham 5% kamaygan.
Ayrim segmentlarda savdo keskin oshdi
Yillik hisobda avtomobil segmentlari bo‘yicha turlicha dinamika kuzatildi. Eng katta pasayish A segmentida — 73%, E/F segmentida — 57%, MPV’da — 30,7% va LCV’da — 21,6% qayd etildi.
Shu bilan birga, yirik SUV-E segmenti savdosi 217% oshdi. C klass sedanlar savdosi 41,9%, pikaplar 27,9%, SUV-D krossoverlari 26,1% va ixcham SUV-B krossoverlari 22,8% ko‘paydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2,5 ming dollar: ikkilamchi bozorda Damas narxlari qanchaligi bo‘yicha ma’lumot berilgandi.