Samarqandda «Najot» bolalar markazi tashkil etiladi

eʼlon qilindi
Jarayonni maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan intervyuer olib boradi
Samarqandda «Najot» bolalar markazi tashkil etiladi
Foto: SI

Samarqand shahrida «Barnahus» modeli asosida «Najot» bolalar markazi tashkil etiladi. Bu prezidentning tegishli qarorida belgilandi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 20-oktabrdan boshlab ayrim turdagi jinoyatlar bo‘yicha jabrlangan voyaga yetmaganlar bilan protsessual harakatlar markazning maxsus jihozlangan xonalarida o‘tkaziladi.

Bolalar maxsus xonalarda so‘roq qilinadi

Jinoyat kodeksining 118, 119, 121, 128, 128¹, 129-moddalari, 135-moddasi uchinchi qismining «b» bandi va 141³-moddasi ikkinchi qismining «v» bandida nazarda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha jabrlangan voyaga yetmaganlar bilan ishlashda yangi tartib qo‘llanadi.

Samarqand viloyatida sodir etilgan bunday jinoyatlar bo‘yicha bolani so‘roq qilish, ekspertiza uchun namunalar olish, ekspertiza o‘tkazish, tanib olish uchun ko‘rsatish va zarur boshqa protsessual harakatlar «Najot» markazida amalga oshiriladi.

Jarayonni maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan intervyuer olib boradi

Protsessual harakatlar markaz psixologining xulosasi asosida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan prokuratura organi xodimi – intervyuer tomonidan o‘tkaziladi.

Jarayon to‘liq audio va video yozuv orqali qayd etilishi majburiy bo‘ladi. Ushbu yozuvlarni markazda saqlash, uchinchi shaxslarga berish yoki boshqa shaklda tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bola sudga chaqirilmasligi mumkin

Markazda olingan audio va video yozuvlar dalil sifatida e’tirof etiladi.

Shu sababli sud muhokamasida ulardan bolaning o‘zini sudga chaqirmasdan foydalanish mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, jabrlanuvchi bolaning qonuniy vakilisiz gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki ularning yaqinlari va himoyachilari bilan bevosita uchrashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.

2027-yildan bolalarga davlat hisobidan advokat beriladi

2027-yil 1-yanvardan jinoyat ishida jabrlanuvchi yoki guvoh sifatida jalb qilingan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi.

Bunday yordam bolalar bilan ishlash bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan advokatlar tomonidan taqdim etiladi.

«1246» ishonch telefoni «112» bilan integratsiya qilinadi

Ijtimoiy himoya milliy agentligining tunu kun ishlaydigan «1246» ishonch telefoni ham «112» qisqa raqamli yagona dispetcherlik xizmati bilan integratsiya qilinadi.

Natijada bolalar bilan bog‘liq murojaatlarni qabul qilish va ularni avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash imkoniyati yaratiladi.

Avvalroq «Kursiv» bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlik kuchaytirilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek