Tesla Roadster raketa tezlatkichlari bilan taqdim etildi

Tesla yangi avlod Tesla Roadster konseptini namoyish etdi. Taqdimot davomida avtomobil vertikal tezlanish, sakrash, havoda aylanish va yumshoq qo‘nish kabi noodatiy imkoniyatlarni ko‘rsatdi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Roadster joyidan 97 km/soat tezlikka atigi 0,81 soniyada chiqishi mumkin.
Dizayn keskin o‘zgargan
Yangi Roadster tashqi ko‘rinishi 2017-yildagi prototipdan sezilarli farq qiladi.
Avvalgi silliq kuzov chiziqlari o‘rnini ancha burchakli shakllar egallagan. Dizaynda Cybertruck va Lamborghini Reventon uslubiga o‘xshash elementlar ko‘zga tashlanadi.
SpaceX bilan yaratilgan gaz tezlatkichlari bor

Roadster’ning eng noodatiy xususiyati – SpaceX ishtirokida ishlab chiqilgan o‘nta gaz tezlatkichi.
Ular avtomobil ichidagi har biri 600 litr sig‘imli ikkita rezervuarda saqlanadigan siqilgan havodan foydalanadi. Tesla’ga ko‘ra, bu tizim avtomobilga havoda manevr qilish imkonini beradi.
Shuningdek, kuzov ostidagi ventilyatorlar avtomobil harakatsiz turgan holatda ham 2 g gacha bosib turuvchi kuch hosil qilishi aytilmoqda.
Elektron boshqaruv tizimlari qo‘llanadi
Yangi Roadster’da rul, tormoz va akselerator elektron boshqaruv orqali ishlashi kutilmoqda. Shuningdek, avtomobil faol orqa spoyler bilan jihozlangan. U harakat holatiga qarab bosib turuvchi kuchni o‘zgartira oladi.
Uchta versiya ko‘rsatilgan
Tesla saytida Roadster’ning uchta versiyasi tilga olingan.
Performance versiyasi uchun depozit $50 ming etib ko‘rsatilgan. Thrust varianti $250 ming turadi va aynan shu versiya 100 km/soatga yaqin tezlikka bir soniyadan kam vaqtda chiqish imkoniyatini berishi aytilmoqda.
Bir o‘rinli Rocket versiyasi esa havoga ko‘tarilish imkoniyatiga ega bo‘lib, faqat maxsus taklif orqali xarid qilinishi mumkin.
Seriyali ishlab chiqarish 2028-yilga rejalashtirilgan
Hozircha namoyish etilgan avtomobil konsept hisoblanadi. Tesla seriyali ishlab chiqarishni 2028-yilda boshlashni rejalashtirmoqda.
Kompaniya hozircha Roadster’ning quvvati, batareya sig‘imi, elektromotorlar soni, yurish masofasi va aniq ishlab chiqarish hajmlarini oshkor qilmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Ilon Mask AQSh saylovlariga $276 mln sarflagani haqida yozgan edi.