
Xpeng kompaniyasi Xitoyda yangi Xpeng Mona L05 krossoveri uchun oldindan buyurtmalarni boshladi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Model beshta konfiguratsiyada taklif qilinadi, narxlar 169,8 ming yuandan 191,8 ming yuangacha, ya’ni taxminan $25,3 – 28,6 ming oralig‘ida.
Avtomobilning rasmiy savdosi 29-oktabrda boshlanishi rejalashtirilgan.
Dizayn «Starship» uslubida ishlangan
Xpeng Mona L05 brendning «Starship» dizayn konsepsiyasini davom ettiradi. Old bamperga faol radiator panjarasi – AGS tizimi integratsiya qilingan.
Old qismda 102 litrli qo‘shimcha yukxona mavjud. Yon tomonda ikki rangli g‘ildiraklar, «suzib turgan» yon ko‘zgular, sariq tormoz supportlari va ramkasiz eshiklar ajralib turadi.
Avtomobil uzunligi 4 870 mm, kengligi 1 930 mm, balandligi 1 636 mm. G‘ildirak bazasi 2 940 mmni tashkil etadi.
Orqa qismda 300 dan ortiq lazer bilan ishlov berilgan LED elementlardan tashkil topgan «Star Ring» fonar bloki o‘rnatilgan.

Bagaj hajmi 1 913 litrgacha kengayadi
Orqa yukxona hajmi 702 litrni tashkil etadi. O‘rindiqlar buklanganda bu ko‘rsatkich 1 913 litrgacha oshadi. Bu Mona L05’ni oilaviy va kundalik foydalanish uchun amaliy modelga aylantiradi.
Salonda 17,3 dyuymli ekran bor
Ichki qism o‘rab turuvchi kokpit uslubida ishlangan. Markazda 17,3 dyuymli multimedia ekrani va 26,8 dyuymli W-HUD proyeksion displey mavjud.
Salon bo‘ylab 22 ta turli aksessuar ulash nuqtasi joylashtirilgan. Ular orasida, masalan, action-kamera o‘rnatish uchun joylar ham bor. Old o‘rindiqlarda oyoq va bel tayanchi, massaj, isitish hamda ventilyatsiya funksiyalari mavjud.
Old yo‘lovchi o‘rindig‘i bir tugma bilan «zero-gravity» holatiga o‘tadi. Orqa yo‘lovchilar uchun isitiladigan o‘rindiqlar, maxfiylik oynalari, kichik stol, 17,3 dyuymli ko‘ngilochar ekran va o‘rindiq tagidagi tortma tipidagi saqlash bo‘limi mavjud.
Shuningdek, avtomobil ikki qismli panoramali tom bilan jihozlanadi.

Elektr versiyada 660 kmgacha yuradi
To‘liq elektr Mona L05 183 kW yoki 245 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlangan. Unda 71,1 kVt·soat sig‘imli LFP batareya qo‘llanadi.
CLTC sikli bo‘yicha turli versiyalarda yurish masofasi 615, 635, 640 va 660 kmni tashkil etadi.
EREV versiya 1 310 kmgacha yuradi
Masofani uzaytiruvchi EREV versiyada 1,5 litrli 70 kW benzin dvigateli generator vazifasini bajaradi. Asosiy tortish kuchini 183 kW yoki 245 ot kuchiga ega elektromotor ta’minlaydi.
37,2 kVt/soatli batareya faqat elektr rejimida CLTC bo‘yicha 310 km yurish imkonini beradi. Benzin generatori bilan umumiy yurish masofasi 1 310 kmgacha yetadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xpeng G9L avtomobili sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.