
Angliyaning «Manchester Siti» klubi moliyaviy qoidabuzarliklar bo‘yicha ayblovlar tasdiqlansa, UEFA musobaqalaridan 7 yildan 10 yilgacha chetlatilishi mumkin, deb xabar berdi Sports.kz. Klub safida O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov ham to‘p suradi.
Klub 114 ta bandni buzganlikda ayblanmoqda
Jurnalist Sesar Augusto Londonyo ma’lumotiga ko‘ra, «Manchester Siti» moliyaviy feyr-pley qoidalarining 115 bandidan 114 tasini buzganlikda ayblanmoqda.
Agar klubning apellyatsiyasi rad etilib, ayblovlar rasman tasdiqlansa, jamoa 7 – 10 yil davomida Yevropa klub musobaqalarida qatnasha olmasligi mumkin.
UEFA tegishli qarorni Angliya Premyer-ligasi klubga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha yakuniy qarorini e’lon qilganidan keyin bildirishi mumkin.
Chetlatish 2034-yilgacha davom etishi mumkin
Xabarda qayd etilishicha, maksimal jazo qo‘llansa, «Manchester Siti» kamida 2034-yilgacha yevrokuboklarda ishtirok eta olmasligi mumkin.
Shu bilan birga, klubning avval qo‘lga kiritgan chempionlik unvonlarini bekor qilish masalasi hozircha ko‘rib chiqilmayotgani aytilmoqda.
Husanov «Manchester Siti» safida o‘ynaydi
«Manchester Siti» tarkibida O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov ham faoliyat yuritadi.
U joriy mavsumda klub safida yettita uchrashuvda maydonga tushdi va gol yoki golli uzatma qayd etmadi.
Hozircha «Manchester Siti»ning yevrokuboklardan chetlatilishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Manchester Siti» PSJga qarshi o‘yinda mag‘lub bo‘lgani haqida xabar berilgandi.