Mirziyoyev Samarqandga tashrifini Imom Buxoriy maqbarasidan boshladi

eʼlon qilindi
Safar doirasida 19-oktabr kuni Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik kengashi yig‘ilishida ishtirok etish rejalashtirilgan
Foto: prezident.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-oktabr kuni transport infratuzilmasi hamda zamonaviy shaharsozlik loyihalari bilan tanishish maqsadida Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, safarni Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qilishdan boshladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ziyorat va ilmiy meros targ‘iboti

Ziyorat davomida Qur’on oyatlari o‘qilib, duo qilindi. Davlat rahbariga majmuadan samarali foydalanish, uning turistik salohiyatini oshirish hamda Imom Buxoriyning ilmiy merosini o‘rganish orqali ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar ijrosi yuzasidan axborot berildi.

Foto: prezident.uz

«Bu ulug‘ zot bizga butun ilmlarini, bilimlarini meros qilib qoldirganlar. Biz shu ilmlarni davom ettirsak, hech qachon kam bo‘lmaymiz. Men o‘zim ham har safar ulug‘ bobomizni ziyorat qilganimda, xalqimiz hayotiga baraka bersin, biri ikki bo‘lsin deb duo qilaman. Biz ulug‘larimiz merosini asrash va targ‘ib qilish yo‘lida hali ko‘p ishlar qilamiz. Butun dunyodan odamlar O‘zbekistonga kelib, Islom sivilizatsiyasi markazini, Imom Buxoriy majmuasini ko‘rishi, ziyorat qilishi uchun sharoit yaratamiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Majmuaning yangilangan quvvati va infratuzilmasi

Foto: prezident.uz

Yangidan bunyod etilgan majmua avval bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 65 ming nafardan oshgan. Inshoot tarkibida 10 ming kishilik masjid, maqbara, balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora hamda Imom Buxoriyning muhaddislik faoliyatini yorituvchi innovatsion muzey joylashgan.

Shuningdek, ziyoratgoh hududida xalqaro standartlarga mos servis yo‘lga qo‘yilib, 20 dan ortiq zamonaviy mehmonxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Foto: prezident.uz

Shuningdek, davlatimiz rahbari Hazrati Hizr majmuasida bo‘lib, mamlakatimizning birinchi prezidenti Islom Karimov maqbarasiga gul qo‘ydi.

Tashrifning keyingi rejalari

Tashrifning ikkinchi kuni, 19-oktabrda davlat rahbari Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yig‘ilishida ishtirok etadi. Bundan tashqari, safar davomida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi belgilangan.

Avvalroq Kursiv nashri Mirziyoyev O‘mon, Xitoy, Turkiya va BAAning yetakchi kompaniya rahbarlari bilan uchrashgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek