Sindarov va Assaubayevaning to‘yi, «uchar» avtomobilning to‘rtta versiyasi — 18-oktabrdagi yangiliklar dayjesti

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan 18-oktabr kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi
Javohir Sindarov va Bibisora Assaubayevaning sevgi hikoyasi
Foto: Instagram/ Sindarov

Kursiv Uzbekistan 18-oktabr kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi.

Xalqaro tadbirlar sababli Samarqand shahriga kirish yo‘llari vaqtincha yopiladi

Foto: Yandex Maps

Samarqand shahrida xalqaro miqyosdagi muhim tadbirlar o‘tkazilishi va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 18-oktabrdan 22-oktabrga qadar shaharga kirish yo‘llari hamda ayrim ko‘chalarda transport vositalari harakati vaqti-vaqti bilan cheklanadi. Bu haqda Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi ma’lum qildi.

Samarqand shahri 19 – 20-oktabr kunlari «C5+1» formatidagi Markaziy Osiyo va AQSh tashqi ishlar vazirlari uchrashuviga mezbonlik qiladi. Shuningdek, 21 – 22-oktabr kunlari shaharda bolalar farovonligi va kelajagiga bag‘ishlangan Butunjahon sammiti bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbirlarda dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlaridan nufuzli mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda.

O‘zbekistonning to‘qimachilik mahsulotlari eksporti $2,1 mlrdga yetdi

Foto: goodearthcotton.com

2026-yilning yanvar – avgust oylarida O‘zbekiston xorijga qiymati $2,1 mlrdlik to‘qimachilik mahsulotlari eksport qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi. Hisobot davrida qayd etilgan natija o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 26,9 foizga ko‘pdir. Shuningdek, to‘qimachilik mahsulotlarining mamlakat umumiy eksportidagi ulushi 9,4 foizni tashkil etgan.

Javohir va Bibisoraning to‘yi bo‘ladi — Sindarovning bobosi

Javohir Sindarov Bibisara Assaubayeva uchun trabnsportni to‘xtatdi — video
Foto: Assaubayeva / Instagram

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindorov nabirasi, grossmeyster Javohir Sindarov va qozog‘istonlik shaxmatchi Bibisora Assaubayeva o‘rtasidagi munosabatlarni tasdiqlab, ularning to‘yi bo‘lishini aytdi.

Komil Sindorovning so‘zlariga ko‘ra, yosh shaxmatchilar bolaligidan buyon ko‘plab musobaqalarda birga qatnashgan va ularning dunyoqarashi o‘xshash. Avvaliga oila a’zolari buni yoshlik qiziqishi deb hisoblagan bo‘lsa-da, bir necha yillik do‘stona munosabatlar muhabbatga aylangan.

Bahodir Jalolov professional boksda 18-g‘alabasiga erishdi

Foto: boxingscene.com

Ikki karra Olimpiada va jahon chempioni Bahodir Jalolov Angliya poytaxti London shahrida tashkil etilgan professional boks oqshomida o‘zining 18-jangini o‘tkazib, navbatdagi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.

Professional boksda mag‘lubiyatsiz odimlayotgan o‘zbekistonlik sportchi ushbu oqshomda mezbon bokschi Solomon Dakresga qarshi ringga ko‘tardi. O‘n raund davom etgan bahsda Bahodir Jalolov to‘liq ustunlik namoyish etdi va jang davomida raqibini 1 marotaba nokdaun holatiga tushirdi. Bellashuv yakunida u hakamlarning yakdil qarori bilan g‘olib deb topildi.

Mirziyoyev Samarqandga tashrifini Imom Buxoriy maqbarasidan boshladi

Foto: prezident.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-oktabr kuni transport infratuzilmasi hamda zamonaviy shaharsozlik loyihalari bilan tanishish maqsadida Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, safarni Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qilishdan boshladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ziyorat davomida Qur’on oyatlari o‘qilib, duo qilindi. Davlat rahbariga majmuadan samarali foydalanish, uning turistik salohiyatini oshirish hamda Imom Buxoriyning ilmiy merosini o‘rganish orqali ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar ijrosi yuzasidan axborot berildi.

Tesla yangi «uchar» sportkarining to‘rtta versiyasini taqdim etdi

Foto: Tesla

Tesla kompaniyasi o‘zining yangi «Roadster» sportkarini namoyish etib, avtomobilning to‘rt xil komplektatsiyasi, reaktiv tezlatkichlari hamda tezlik ko‘rsatkichlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi. Bu haqda CarScoops nashri xabar berdi.

Xaridorlarga avtomobilning to‘rtta – «Roadster», «Performance», «Thrust» va «Rocket» komplektatsiyalari taklif etiladi va ularning barchasi faqat orqa g‘ildirakdan tortish tizimiga (RWD) ega bo‘ladi. «Top Gear» ma’lumotlariga ko‘ra, bazaviy versiya 1 073 ot kuchi (800 kVt) hamda 1200 Nm aylanish momentini taqdim etsa, yuqori komplektatsiyalarda bu ko‘rsatkich 1 341 ot kuchi (1 000 kVt) va 1 400 Nm dan oshadi.

Yunusobod tumanida 600 dan ortiq xonadonlar gazsiz qoladi

Foto: Pexels.com

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yuqori bosimli yerosti gaz quvurida ta’mirlash ishlari olib borilishi sababli 2026-yil 19-oktabr kuni ayrim hududlarda tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda «Hududgaz Poytaxt» gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati ma’lum qildi.

«Yunusobodtumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi mutaxassislari tomonidan tumanning «Obod» mahalla fuqarolar yig‘ini (MFY) hududidan o‘tgan «D-325» millimetrli yerosti yuqori bosimli gaz quvurini kesish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan mazkur sanada soat 09:00 dan 18:00 gacha gaz uzatish to‘xtatiladi.

Shuningdek